Akademiya ishchi guruhi tomonidan joriy yilning sentyabr oyida Surxondaryo viloyati “qizil” toifaga kiritilgan 23 ta mahallasida kriminogen vaziyat ilmiy yondashuvlar asosida o‘rganildi.
Mahallalardagi kriminogen vaziyatga ta’sir ko‘rsatuvchi sabab va omillar, jinoyatni sodir etishga zamin yaratayotgan shart-sharoitlar hamda ijtimoiy-maishiy muammolar, olib borilayotgan profilaktik ishlar tahlil qilindi.
O‘rganish yakunlari bo‘yicha har bir mahallaning aniq xususiyatlarini inobatga olgan holda, hududlarda jinoyatchilikning oldini olish va unga qarshi kurashish samarasini oshirishga qaratilgan ilmiy asoslangan taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi.
Mazkur taklif va tavsiyalar umumlashtirilib, kriminogen vaziyatni yaxshilashga qaratilgan kelgusidagi yo‘l xaritalariga kiritish uchun mas’ullarga taqdim etildi.
Akademiya ishchi guruhi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 3-yanvardagi “2025-yilda respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini yanada oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ–1 son hamda 2025-yil 18-avgustdagi “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlariga mahallalarda jinoyatchilikning barvaqt oldini olish tizimi natijadorligini yanada oshirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi PQ–253-son qarorlari ijrosini ta’minlash maqsadida respublikamiz hududlariga kriminogen vaziyatni o‘rganish bo‘yicha komleks-chora tadbirlar tizimli davom etmoqda.