Yevropa-Ittifoqi-ekspertlarining Akademiya bakalavriat talabalari bilan uchrashuvi

Yevropa-Ittifoqi-ekspertlarining Akademiya bakalavriat talabalari bilan uchrashuvi


O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasida Yevropa Ittifoqining "Uyushgan jinoyatchilik va terrorizmga qarshi kurash" (EU-ACT) loyihasi xalqaro trener-ekspertlari Erik Beranje va Jauxar Budriga Akademiya bakalavriat talabalari bilan ochiq uchrashuv o‘tkazdilar. Uchrashuv 22–26 sentyabr kunlari Akademiyada O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikiston vakillari ishtirokida o‘tkazilgan "Inqirozdan oldin: jamoat joylarida xavfsizlikni ta’minlash" mavzusidagi mintaqaviy treninglar davomi sifatida tashkil etildi.

Tadbir ochiq muloqot shaklida o‘tdi. Ekspertlar jamoat xavfsizligini ta’minlash va terrorizmga qarshi kurashish borasida xalqaro tajribalari bilan o‘rtoqlashdilar. Xususan, Erik Beranje Fransiyada sodir etilgan terroristik hujumlar haqida to‘xtalib, fransuz maxsus xizmatlarining bunday jinoyatlarni tergov qilishdagi vakolatlari, dalil to‘plash usullari va amaliy tajribalari haqida atroflicha ma’lumot berdi.

Talabalar jamoat joylarida xavfli vaziyatlarni baholash, tergov harakatlarini tashkil etish va samarali surishtiruv olib borish masalalari yuzasidan berilgan savollariga batafsil javob oldilar. Ushbu uchrashuv bo‘lg‘usi tergovchilar uchun xalqaro standartlar va amaliyot bilan yaqindan tanishish imkonini berdi.

Huquqni muhofaza qilish akademiyasida xalqaro hamkorlar bilan birga muntazam o‘tkazib kelinayotgan bunday tashabbuslar yosh kadrlarning kasbiy tayyorgarligini mustahkamlash va ularda zamonaviy tahdidlarga munosib javob berish ko‘nikmalarini shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.