O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi vakili Minsk shahrida Belarus Respublikasi Davlat sud ekspertiza qo‘mitasi tomonidan tashkil etilgan “Milliy xavfsizlikni ta’minlashda sud-ekspertlik faoliyati va sud ekspertizasining o‘rni va ahamiyati” mavzusidagi III xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyada ishtirok etdi.
Konferensiyada Belarus Respublikasi Sud-ekspertiza davlat qo‘mitasi, Xavfsizlik kengashi Davlat kotibiyati, Milliy majlis Vakillar palatasi, Bosh prokuratura, Tergov qo‘mitasi va boshqa davlat organlari vakillari, shuningdek, Ozarbayjon, Belarus, Xitoy, Rossiya, Tojikiston va O‘zbekiston ilmiy va ekspert hamjamiyati vakillari ishtirok etdi.
Yalpi majlisda Huquqni muhofaza qilish akademiyasi Raqamli kriminalistika ilmiy-tadqiqot instituti bo‘lim boshlig‘i, yuridik fanlar doktori, dotsent L.Yu.Yugay “O‘zbekiston Respublikasida raqamli kriminalistikaning rivojlanishi” mavzusida ma’ruza qildi.
Konferensiya davomida sud ekspertizasini raqamlashtirish, raqamli kriminalistika usullaridan foydalanish, kadrlar ta’minoti va sud-ekspertlik faoliyatining boshqa dolzarb muammolari muhokama qilindi.
Mazkur konferensiya o‘zaro fikr almashish, ilg‘or tajribalar bilan o‘rtoqlashish, shuningdek, sohada xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qiladi.