So‘nggi yillarda mamlakatimizda turizm sohasi izchil rivojlanib, iqtisodiyotning muhim strategik tarmoqlaridan biriga aylanmoqda. Prezidentimiz rahnamoligida amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida ichki turizmni rivojlantirish, fuqarolarda Vatanga muhabbat va tabiatga ehtirom tuyg‘usini mustahkamlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Huquqni muhofaza qilish akademiyasi jamoasi mazkur tashabbusni qo‘llab-quvvatlab, «O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil!» dasturi doirasida ma’naviy-ma’rifiy sayohat uyushtirdi. Akademiya xodimlari Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanidagi Paltau sharsharasiga borib, tabiat qo‘ynida mazmunli dam oldilar va jamoaviy birdamlik muhitini mustahkamladilar.
Sayohat doirasida ekologik yo‘nalishga alohida e’tibor qaratildi. Akademiya xodimlari o‘zida sayohat va hududni tozalashni uyg‘unlashtirgan plogging tadbirini o‘tkazdilar, shuningdek, ko‘chat ekish aksiyasida ishtirok etib, atrof muhitni obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirishga o‘z hissalarini qo‘shdilar.
Mazkur tadbir O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 15-maydagi «2025–2026-yillarda sayyohlar oqimini keskin ko‘paytirish va turistik xizmatlar ko‘lamini jadal kengaytirish orqali turizmning iqtisodiyotdagi o‘rni va ahamiyatini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi № PF-87-son Farmoni asosida tashkil etildi.
Bunday tashabbuslar Akademiya jamoasi a’zolarida faol hayotiy pozitsiyani, tabiat va milliy qadriyatlarga ehtiromni mustahkamlash, ichki turizmni rivojlantirish hamda sog‘lom, ijobiy va ilhombaxsh muhit yaratishga xizmat qiladi.