Prokuratura organlari xodimlarining xalqaro terrorizmga qarshi kurash bo‘yicha bilim va ko‘nikmalari oshirildi

Prokuratura organlari xodimlarining xalqaro terrorizmga qarshi kurash bo‘yicha bilim va ko‘nikmalari oshirildi


O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasida O‘zbekistondagi Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya elchixonasi bilan hamkorlikda terrorizmga qarshi kurash masalalariga bag‘ishlangan maxsus treningning to‘rtinchi bosqichi o‘tkazildi. Ushbu tadbirda jinoyat huquqi va terrorizmga qarshi kurash sohasida katta amaliy tajribaga ega bo‘lgan Britaniyalik ekspert, jinoyat ishlari bo‘yicha maslahatchi M.Kerroll ishtirok etdi.

Trening prokuratura organlari xodimlarining terrorizmga qarshi kurash sohasidagi bilim va professional ko‘nikmalarini oshirish, xorijiy davlatlarning ushbu sohadagi ijobiy tajribasini, shuningdek terroristik harakatlarni aniqlash, tergov qilish va unga qarshi kurashish bo‘yicha qo‘llaniladigan xalqaro huquqiy mexanizmlar va standartlarni o‘rganish maqsadida tashkil etildi.

Tadbir davomida ishtirokchilar terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish sohasida Buyuk Britaniya va O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligi, Buyuk Britaniyaning sohaga oid tajribasi, terrorizmni moliyalashtirish bilan bog‘liq jinoyatlarni tergov qilishda dalillarni yig‘ish, tahlil qilish va ulardan isbotlash jarayonida foydalanish masalalarini muhokama qilishdi.

Ishtirokchilar tomonidan amaliyotdagi terrorizmni moliyalashtirish bilan bog‘liq real keyslarni aktiv muhokama qilish, prokuratura organlari xodimlarining terrorizm bilan bog‘liq jinoyatlarni tergov qilishda duch keladigan mavjud muammolarni aniqlash hamda ularni xorijiy tajribaga tayangan holda bartaraf etish bo‘yicha hamkorlikda takliflarni ishlab chiqish jarayoni tadbirning amaliy samarasini yanada kuchaytirdi.

Trening ishtirokchilar tomonidan yuqori baholandi, mazkur tadbirlar turkumi davom ettiriladi.