O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi hamda Belarus Respublikasining Yanka Kupala nomidagi Grodno davlat universiteti hamkorligida amalga oshirilayotgan bakalavriatning qo‘shma ta’lim dasturi doirasida o‘quv jarayoni boshlandi.
Kirish imtihonlarini muvaffaqiyatli topshirgan talabalar Belarus Respublikasining yetakchi oliy ta’lim muassasalaridan biri – Yanka Kupala nomidagi Grodno davlat universitetida (GrDU) o‘qishni boshladilar.
O‘quv yili boshlanishi munosabati bilan universitet rektori Irina Fyodorovna Kiturko Huquqni muhofaza qilish akademiyasi talabalari bilan uchrashuv o‘tkazdi. Suhbat davomida rektor universitet tarixi va an’analari, talabalar uchun yaratilgan ta’lim, ilmiy izlanish va shaxsiy rivojlanish imkoniyatlari haqida ma’lumot berdi hamda yoshlarni faollik, mas’uliyat va bilimga intilishga chaqirdi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Jamoatchilik kengashi raisi Abdulxay Pattayevich Qahharov ham ishtirok etdi va Akademiya rahbariyatining samimiy salomi va ezgu tilaklarini yetkazar ekan, qo‘shma dasturning ikki davlat o‘rtasidagi ilmiy va ta’lim sohalarida hamkorlikni mustahkamlashdagi ahamiyatini ta’kidladi.
Qo‘shma ta’lim dasturi to‘rt yillik bo‘lib, dastlabki ikki yil (1–4 semestrlar) Grodno davlat universiteti negizida, keyingi ikki yil (5–8 semestrlar) esa O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasida amalga oshiriladi.
Ta’lim jarayoni kunduzgi shaklda, rus tilida va to‘lov-kontrakt asosida tashkil etilgan.
Akademiya jamoasi talabalarga o‘qishda omad, sabot va ilhom tilaydi hamda ularning kelgusidagi kasbiy faoliyatlarida yuksak natijalarga erishishiga tilakdoshdir.