Amaliyotga yo‘naltirilgan va dual ta’lim — Akademiyaning ustuvor yo‘nalishi

Amaliyotga yo‘naltirilgan va dual ta’lim — Akademiyaning ustuvor yo‘nalishi


Akademiyada ta’lim jarayonlari 50 foiz nazariy mashg‘ulotlar va 50 foiz amaliyotni mujassam etgan dual ta’lim tizimi asosida joriy etilgan bo‘lib, hozirda bakalavriatning bitiruvchi kurs talabalarining kasbiy amaliyoti hududlarda, ularning kelgusidagi ish joylarida davom etmoqda. Akademiya professor-o‘qituvchilari rahbarligida talabalar hududiy ichki ishlar va prokuratura organlarining tergov bo‘linmalariga biriktirilib, bevosita xizmat faoliyati sharoitida tahsil olmoqdalar.

Kasbiy amaliyot jarayonlari Akademiya rahbariyati tomonidan muvofiqlashtirib borilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurorining o‘rinbosari, Huquqni muhofaza qilish akademiyasi boshlig‘i v.v.b., 3-darajali Davlat adliya maslahatchisi S.I.Samadov dual ta’lim tizim asosida Andijon viloyatida amaliyot o‘tayotgan Akademiya talabalari bilan amaliy uchrashuv o‘tkazdi.

Tadbir Andijon shahar ichki ishlar boshqarmasida viloyat prokuraturasi va IIB vakillari ishtirokida bo‘lib o‘tdi. Uchrashuv davomida talabalarning amaliyot o‘tash jarayonlari, joylardagi o‘quv jarayonlari hamda ushbu jarayonlar yuzasidan Akademiyaning hududiy huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan o‘zaro hamkorligi masalalari muhokama qilindi.

S.I.Samadov talabalar bilan muloqot chog‘ida nazariy bilimlar va amaliy ko‘nikmalar uyg‘unligining ta’lim sifatini ta’minlashda muhimligini ta’kidlab, dual ta’limning malakali kadrlar tayyorlashdagi ahamiyatini qayd etdi.

Uchrashuv yakunida mas’ul shaxslar va talabalarga bo‘lajak kadrlarning amaliy tayyorgarligini yanada samarali tashkil etish bo‘yicha aniq tavsiyalar berildi.