Akademiya mediato‘garagi: ochiqlik, ijod va kasbiy muvaffaqiyat sari ilk qadamlar

Akademiya mediato‘garagi: ochiqlik, ijod va kasbiy muvaffaqiyat sari ilk qadamlar


O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi o‘z faoliyatini ochiqlik va shaffoflik tamoyillari asosida amalga oshiradi. Akademiyaning rasmiy veb-sayti va barcha ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida kundalik yangiliklar, rasmiy xabarlar hamda foto va videomateriallar jamoatchilikka yetkazib boriladi. Akademiya talabalari ishtirokida mediato‘garak tashkil etilgan bo‘lib, Akademiya faoliyatiga oid va huquqiy mavzularda mediakontent yaratish ishlari yo‘lga qo‘yilgan.

Bu esa milliy qonunchiligimizga asosan prokuratura faoliyatining beshta asosiy tamoyilidan biri – oshkoralikni ta’minlashga, shuningdek bo‘lg‘usi huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarining mediasavodxonligini oshirish, jamoatchilik va OAV bilan aloqalarni amalga oshirish yuzasidan bilim va ko‘nikmalarini shakllantirishga xizmat qiladi.

Akademiya mediato‘garagining navbatdagi tadbiri kengaytirilgan tarzda tashkil etilib, unda mediato‘garak va bakalavriat 1-bosqich talabalarining to‘liq tarkibi qamrab olindi.

Uchrashuv 1-bosqich talabalarida prokuratura va huquqni muhofaza qilish organlari faoliyatida axborot ochiqligi va jamoatchilikka hisobdorlikning ahamiyati haqida tushuncha hosil qilish, shuningdek, qiziqishi va iqtidori bo‘lgan talabalarni mediato‘garak ishiga jalb qilish maqsadida o‘tkazildi.

Tadbir davomida ishtirokchilarga Akademiyaning faol va ijodkor talabalarini birlashtiruvchi “Medialiga” faoliyati taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Bu liga yoshlarni axborot xizmati faoliyati, foto va videomahsulot yaratish, dizayn hamda mediakontent ishlab chiqish sohalariga jalb etishni maqsad qiladi.

Mediato‘garakda ishtirok etish talabalar uchun Akademiya hayoti va faoliyatini yoritishda faol bo‘lish, ijodiy qobiliyat va muloqot ko‘nikmalarini rivojlantirish, shu bilan birga mazmunli va qiziqarli talabalik hayotini kechirish imkonini yaratadi.

Uchrashuv interaktiv tarzda o‘tdi, talabalar va tashkilotchilar zamonaviy kommunikatsiyalar orqali jamiyat ishonchi va davlat organlari ochiqligini mustahkamlashdaning ahamiyati, Akademiya mediato‘garagi faoliyatini yanada kengaytirish yuzasidan fikr almashdilar.

Tadbir yakunida mediato‘garakka yangi a’zolarni qabul qilish jarayoni bo‘lib o‘tdi. Yoshlar Akademiya hayoti haqida axborot va ijtimoiy mavzularni yoritishda faol ishtirok etish istagini bildirdilar.

Bunday tashabbuslar talabalarda mediasavodxonlik, fuqarolik faolligi va kasbiy etika ko‘nikmalarini rivojlantirishga xizmat qiladi.