Bugungi kunda axborot xavfsizligi va kibertahdidlar tobora dolzarb tusga ega bo‘lib bormoqda. Kiberhujumlar moliyaviy yo‘qotishlar, shaxsga doir ma’lumotlarning qo‘lga kiritilishi kabi qator jiddiy oqibatlarga olib kelishi mumkin. Shu jihatdan davlat xizmatchilari va aholi orasida muntazam ravishda targ‘ibot ishlarini olib borish maqsadga muvofiq.
Shunga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 30-aprel kunidagi “Axborot texnologiyalari yordamida sodir etiladigan jinoyatlarga qarshi kurashish faoliyatini yanada kuchaytirishga qaratilgan chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ–153-son qarori bilan har yili aholining kibermadaniyatini yuksaltirishga va kibergigiyenasini shakllantirishga qaratilgan kompleks targ‘ibot-tashviqot dasturi tasdiqlanib, unga ko‘ra noyabr oyi Kibermadaniyatni yuksaltirish oyligi deb e’lon qilingan.
Huquqni muhofaza qilish akademiyasi Raqamli kriminalistika ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan Kibermadaniyatni yuksaltirish oyligi arafasida “Trastbank” xususiy aksiyadorlik bankida o‘quv seminari tashkil etildi.
Tadbirda kiberjinoyatlar sodir etilishiga sabab bo‘layotgan omillar hamda tijorat banklarida axborot xavfsizligini ta’minlashning samarali usullari bo‘yicha tushunchalar berildi, shuningdek bank xodimlarining o‘zlari jinoyat qurboniga aylanib qolmasliklari borasida zarur tavsiyalar berildi.