Huquqni muhofaza qilish akademiyasida “Oilaviy zo‘ravonlikning oldini olish va salbiy oqibatlarini bartaraf etish” mavzusida ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi. Tadbirda ichki ishlar organlari, yuridik sohaga oid oliy ta’lim muassasalari, ilmiy-tadqiqot institutlari va sog‘liqni saqlash tizimi vakillari, shuningdek Akademiya xodimlari va magistratura tinglovchilari ishtirok etdi.
Mazkur konferensiyani tashkil etishdan ko‘zlangan asosiy maqsad, oilaviy-maishiy zo‘ravonlik holatlarining huquqiy, ijtimoiy va psixologik jihatlarini chuqur tahlil qilish, ularning oldini olish mexanizmlarini muhokama qilishdan iborat.
Shuningdek, zo‘ravonlik oqibatida ayollar tomonidan sodir etilayotgan jinoyatlar va suitsid holatlarining sabablari, ularni keltirib chiqarayotgan omillarni aniqlash hamda ularni bartaraf etish bo‘yicha taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi.
Konferensiyada Bosh prokuratura, Ichki ishlar akademiyasi, Toshkent davlat yuridik universiteti xodimlari, Oila va gender tadqiqot instituti mutaxassislari hamda Sog‘liqni saqlash vazirligi suiqidolog mutaxassislari o‘z ma’ruzalari bilan ishtirok etishdi. Muloqot davomida oilaviy-maishiy zo‘ravonliklarning kriminologik va viktimologik jihatlari, zo‘ravonlik oqibatida ayollar tomonidan sodir etilayotgan jinoyatlar tahlili, ayollar o‘rtasida o‘lim bilan bog‘liq holatlarning oldini olish, oilaviy zo‘ravonlik jinoyatlari bo‘yicha sud-tergov amaliyotidagi muammolar, shuningdek suitsid holatlarining oldini olish va milliy hamda xalqaro tajriba masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Bugungi kunda oilaviy zo‘ravonlik nafaqat alohida oila, balki butun jamiyat barqarorligiga ta’sir ko‘rsatuvchi dolzarb muammolardan biri sanaladi. Shu bois, bunday ilmiy-amaliy tadbirlar nafaqat muammolarni tahlil qilish, balki ularni bartaraf etish yo‘lida samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘yish uchun muhim ahamiyat kasb etadi.
Konferensiya yakunida ishtirokchilar tomonidan ilgari surilgan taklif va tavsiyalar oilaviy barqarorlikni mustahkamlash, inson huquqlarini himoya qilish hamda ijtimoiy adolatni ta’minlash yo‘lida amaliy qadam bo‘lishi kutilmoqda.