Joriy yil 22-23 oktyabr kunlari Akademiya rahbariyati, xodimlari, talabalari va tinglovchilari V Toshkent aksilkorrupsiya forumi ishida ishtirok etdilar.
Forumning “Korrupsiyaga qarshi ta’lim: samaradorlik va xabardorlikni oshirish strategiyalari” sessiyasida Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurash akademiyasi rahbari S.Taseva, Litva Maxsus tergov xizmati direktori o‘rinbosari E.Radzevichyus, Huquqni muhofaza qilish akademiyasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Ye.V.Kolenko, BMT GJBning korrupsiyaga qarshi kurashish masalalari bo‘yicha maslahatchisi V.Kozin, Germaniya Ichki ishlar federal vazirligi bosh komissar-inspektori I.Zorgats hamda Gonkong Mustaqil korrupsiyaga qarshi komissiyasi Operatsiyalar departamenti direktori o‘rinbosari Chi-Kong Tang taqdimotlar bilan chiqish qilishdi.
Akademiya boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Ye.V.Kolenko o‘z ma’ruzasida Akademiya tomonidan korrupsiyaga qarshi fan va ta’lim yo‘nalishida amalga oshirilayotgan faoliyat, jumladan aholi, yoshlar va davlat xizmatchilari uchun “Korrupsiyaga qarshi kurashish virtual akademiyasi” elektron platformasi orqali tashkil etilayotgan maxsus o‘quv dasturlari va o‘qitish natijalari yuzasidan taqdimot qilib, Forum sessiyasida ishtirok etayotgan xalqaro va xorijiy tashkilotlar bilan kelgusidagi hamkorlik yo‘nalishlari bo‘yicha takliflarni ilgari surdi.
Mazkur ssesiyada Akademiya talabalari va mustaqil izlanuvchilari faol qatnashib, soha mutaxassislaridan o‘zlarini qiziqtirgan savollari bo‘yicha batafsil javoblar olishdi.