O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasida “Qonun – ustuvor, jazo – muqarrar” mavzusida ilmiy seminar tashkil etildi.
Tadbirda qonun ustuvorligini ta’minlashning nazariy va amaliy jihatlari, jinoyatchilikka qarshi kurashishda jazoning muqarrarligi tamoyilining ahamiyati, shuningdek, javobgarlikning muqarrarligi bilan inson huquq va erkinliklari o‘rtasidagi muvozanatni ta’minlash masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Seminar doirasida Akademiyaning bakalavriat, magistratura va doktorantura bosqichida tahsil olayotgan talaba va tinglovchilar o‘zlarining ilmiy ma’ruzalarini taqdim etishdi. Ular tomonidan qonun ustuvorligini ta’minlash, huquqni qo‘llash amaliyotini takomillashtirish va adolat tamoyillarini mustahkamlashga qaratilgan ilmiy taklif va tavsiyalar bildirildi.
Bunday tadbirlar yosh tadqiqotchilarning ilmiy izlanishlarga bo‘lgan qiziqishini rag‘batlantirish, ularning ilmiy g‘oyalarini amaliyot bilan uyg‘unlashtirish hamda huquqiy fikrlash madaniyatini rivojlantirishga xizmat qiladi.
Seminar yakunida, faol ishtirok etgan va mazmunli ma’ruzalar bilan chiqish qilgan yosh olimlar Akademiya rahbariyati tomonidan tashakkurnoma va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.