Jinoiy aktivlarni qaytarish masalalari bo‘yicha Qirg‘iz Respublikasi Bosh prokuraturasi bilan hamkorlik masalalari muhokama qilindi

Jinoiy aktivlarni qaytarish masalalari bo‘yicha Qirg‘iz Respublikasi Bosh prokuraturasi bilan hamkorlik masalalari muhokama qilindi


O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi vakillari G‘arbiy va Markaziy Osiyo davlatlarining aktivlarni qaytarish bo‘yicha norasmiy tarmog‘i (ARIN-WCA) doimiy Kotibiyatining vazifalarini amalga oshirishi doirasida Qirg‘iz Respublikasi Bosh prokuraturasi xodimlari bilan jinoiy aktivlarni qaytarishda hamkorlik masalalari bo‘yicha onlayn ishchi uchrashuv o‘tkazishdi.

Uchrashuvda ishtirokchilar uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashishning asosiy tarkibi sifatida ARIN-WCA tarmog‘ining o‘rni va ahamiyatini e’tirof etishib, tarmoq doimiy Kotibiyati (Akademiya) yordamida mavjud jinoyat ishlari doirasida xorijiy yurisdiksiyalarga yuborilgan so‘rovnomalar holati va mavjud muammolar, shuningdek ularni birgalikda bartaraf etish masalalari muhokama qilindi.

Bundan tashqari, uchrashuv ishtirokchilari jinoiy aktivlarni qaytarishda ARIN-WCA tarmog‘ining samaradorligini yanada oshirish, boshqa ARIN tarmoqlari va xorijiy yurisdiksiyalar bilan amaliy hamkorlikni kuchaytirish, mazkur sohada yangi bilim va tajribalar bilan almashish, aloqa vakillari uchun o‘quv qo‘llanmalar ishlab chiqish, tarmoqga a’zo davlatlar qonunchiligini va amaliyotini o‘rganish lozimligini qayd etib o‘tishdi.

Tadbir yakunlari bo‘yicha ishtirokchilar tomonidan kelgusidagi hamkorlik masalalari belgilab olindi.