O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi tomonidan “Sud ishlarini yuritishda sun’iy intellektni joriy etish istiqbollari” mavzusidagi respublika ilmiy-amaliy konferensiya materiallari to‘plami nashr etildi.
To‘plamga sud faoliyatiga sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish, ularni qo‘llashning huquqiy jihatlari, xalqaro tajriba va mazkur sohadagi zamonaviy tendensiyalar haqidagi ilmiy maqolalar va tezislar kiritilgan.
Shuningdek, sud ish yurituvida sun’iy intellektdan foydalanishning huquqiy asoslari, hujjat aylanmasini avtomatlashtirish va huquqiy tahlilni raqamlashtirish, elektron sud ish yurituvini joriy etish hamda intellektual yordamchi tizimlarning imkoniyatlari masalalariga alohida e’tibor qaratilgan.
To‘plamda xorijiy davlatlarning sud qarorlarini qabul qilishda sun’iy intellektdan foydalanish tajribasi, sud amaliyotida axborot xavfsizligini ta’minlash va sud-huquq tizimini raqamlashtirish jarayonida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xatarlar hamda ularning oldini olish choralari yoritilgan.
Nashrda fan va ta’lim sohasida faoliyat yurituvchi davlat organlari va muassasalar vakillari, yuridik fan va huquqni qo‘llash amaliyoti bilan bog‘liq tashkilotlar xodimlari, yurtimizning yetakchi huquqshunos olimlari, professor-o‘qituvchilar, doktorantlar, magistrlar, mustaqil izlanuvchilar hamda yosh tadqiqotchilarning ilmiy maqolalari va tezislari joy olgan.