O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi Raqamli kriminalistika ilmiy-tadqiqot instituti xodimlari raqamli kriminalistika sohasida xalqaro tajriba almashinuvi doirasida Moldova Respublikasiga xizmat safari amalga oshirdilar.
Safarning asosiy maqsadi raqamli kriminalistika sohasini rivojlantirish, kiberjinoyatchilikka qarshi kurashishning zamonaviy usullarini amaliyotga joriy etish va sohadagi mutaxassislarning ilmiy hamda amaliy salohiyatini oshirishdan iborat bo‘ldi.
Akademiya delegatsiyasi Moldova Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Sud-kriminalistika ekspertizasi markazida bo‘lib, laboratoriyalar faoliyati, akkreditatsiya tizimi, moddiy-texnika ta’minoti va kadrlar salohiyati bilan tanishdi. Shuningdek, ISO/IEC 17025 va ISO/IEC 27037 xalqaro standartlarini joriy etish hamda menejment sifatini takomillashtirish masalalari muhokama qilindi.
Tashrif davomida raqamli dalillarni qabul qilish, ro‘yxatga olish, saqlash va ularning butunligini ta’minlash jarayonlari bo‘yicha tajriba almashildi. Institut xodimlari raqamli ma’lumotlarni ajratib olish, kriminalistik nusxalar yaratish va zamonaviy uskunalar yordamida zararli dasturiy ta’minotni tahlil qilish bo‘yicha amaliy namoyishlarda ishtirok etdilar.
Safarning navbatdagi qismi Milliy tergov inspeksiyasining kiberjinoyatchilikka qarshi kurashish markazida bo‘lib o‘tdi. Bu yerda moldaviyalik mutaxassislarning ma’lumotlar tahlili, o‘chirilgan axborotni tiklash, mobil qurilmalardan ma’lumot olish, internet faoliyatini tahlil qilish va tarmoq artefaktlarini o‘rganish bo‘yicha tajribasi o‘rganildi.
Xizmat safari natijasida institut xodimlari raqamli dalillar bilan ishlash ko‘nikmalarini oshirdilar, kiberjinoyatchilikni tergov qilishning ilg‘or usullarini o‘rgandilar hamda Moldova Respublikasi ekspert tuzilmalari bilan amaliy hamkorlikni mustahkamladilar.
Ushbu tajriba almashinuvi natijalari raqamli kriminalistika sohasida ilmiy-tadqiqot salohiyatini yanada oshirishga va eng ilg‘or xalqaro amaliyotlarni mamlakatimiz huquqni muhofaza qilish organlari faoliyatiga joriy etishga xizmat qiladi.