Huquqni muhofaza qilish akademiyasida talabalarning kasbiy bilim va malakasini oshirish, jismoniy tayyorgarligini mustahkamlash hamda kelgusidagi xizmat faoliyatiga puxta hozirgarlik ko‘rish maqsadida amaliy yo‘naltirilgan mashg‘ulotlar muntazam tashkil etilmoqda.
Shu doirada Akademiyada “Harbiy va jismoniy tayyorgarlik” moduli asosida “Otish tayyorgarligi” fanidan amaliy mahorat dars mashg‘ulotlari o‘tkazildi.
Mashg‘ulotlarda Milliy gvardiyaning Toshkent hududiy o‘quv markazi xodimi, podpolkovnik I.Umurzaqov ishtirok etib, talabalarga otish jarayonlarini tashkil etish va bajarish bo‘yicha nazariy va amaliy bilimlar berdi.
Talabalar “Otish qurollaridan foydalanish qoidalari” mavzusi doirasida otishning vazifalari va mazmuni, uning bosqichlari, turlari va usullari bilan tanishdilar. Shuningdek, oddiy va murakkab sharoitlarda otishni amalga oshirish hamda xavfsizlik qoidalariga rioya etish bo‘yicha amaliy ko‘nikmalarni egalladilar.
Otish jarayonidagi muhim texnik va psixologik jihatlarga alohida e’tibor qaratilib, amaliy misollar orqali tushuntirishlar berildi va talabalarning savollariga atroflicha javob qaytarildi.
Mazkur amaliy mashg‘ulotlar talabalarning kasbiy tayyorgarligini yanada oshirish, jismoniy chidamkorligini mustahkamlash hamda Akademiyaning kuch tuzilmalari bilan o‘zaro hamkorligini rivojlantirishga xizmat qildi.
Bunday mashg‘ulotlar kelgusidagi huquqni muhofaza qilish faoliyatida zarur bo‘ladigan amaliy ko‘nikmalarni shakllantirish, xizmatga tayyor va mas’uliyatli mutaxassislarni tayyorlashga qaratilgan.