ARIN-WCA delegatsiyasining CARIN tarmog‘i Umumiy yillik yig‘ilishida ishtiroki

ARIN-WCA delegatsiyasining CARIN tarmog‘i Umumiy yillik yig‘ilishida ishtiroki


Buyuk Britaniya raisligida Yevropol shtab kvartirasida Aktivlarni qaytarish bo‘yicha Kamden idoralararo tarmog‘ining (CARIN) navbatdagi Umumiy yillik yig‘ilishi o‘tkazildi.

Ushbu yig‘ilish 60 dan ortiq davlat va xalqaro tashkilotlardan 200 ga yaqin ishtirokchini o‘z ishida qamrab olib, jinoiy aktivlarni qaytarish hamda iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish bo‘yicha xalqaro ekspertlar uchun muzokaralar maydoni bo‘lib xizmat qildi.

Jumladan, mazkur tadbirda CARIN tarmog‘iga kuzatuvchi sifatida qo‘shilgan G‘arbiy va Markaziy Osiyo davlatlarining aktivlarni qaytarish bo‘yicha noformal tarmog‘i (ARIN-WCA) delegatsiyasi – tarmoqda joriy yilda Raislik qiluvchi davlat (Tojikiston Respublikasi) hamda doimiy faoliyat yurituvchi Kotibiyat (Huquqni muhofaza qilish akademiyasi) vakillari ham ishtirok etishdi.

Tadbir Yevropol (EUROPOL) va Sivipol (CIVIPOL) ko‘magida, Buyuk Britaniya Qirollik prokuraturasi (CPS) hamda Jinoyatlarga qarshi kurashish milliy agentligi (NCA) tomonidan tashkil qilndi.

Yig‘ilishning asosiy maqsadi – 2025-yilda jinoiy yo‘l bilan topilgan aktivlarni qaytarish va pul yuvishga qarshi kurashda samarali xalqaro hamkorlik, ushbu sohada mavjud muammolar hamda ularning yechimlari shuningdek yangi zamonaviy chaqiriqlarni muhokama qilish hisoblanadi.

Uch kun davomida ishtirokchilar aktivlarni qaytarish va moliyaviy razvedka bo‘yicha xalqaro rasmiy va norasmiy tarmoqlar faoliyatini rivojlantirish, virtual aktivlardan foydalanish va raqamli iqtisodiyotning yangi chaqiriqlari, ayblov hukmisiz aktivlarni qaytarish amaliyoti (Non-Conviction Based Asset Recovery), Yevropa Ittifoqining aktivlarni qaytarish bo‘yicha yangi direktivalari, shuningdek ushbu tashkilot yangi tuzilmalari bilan hamkorlik masalalarini, CARIN tarmog‘ining 2026–2029-yillarga mo‘ljallangan yangi strategiyasini muhokama qilishdi.

Sessiyalaridan tashqari, dastur doirasida panel muhokamalar, jamoaviy ishni rivojlantirish va kasbiy aloqalarni mustahkamlashga qaratilgan interaktiv o‘yinlar, ARIN tarmoqlarining prezentatsiyalari ham o‘tkazildi. Xususan, yig‘ilishda ARIN-WCA nomidan, tarmoqning doimiy Kotibiyati (O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi) vakili tomonidan ARIN-WCAning faoliyati, amalga oshirilgan ishlar va istiqbolli rejalar yuzasidan taqdimoti amalga oshirildi.

Tadbir ishchan va konstruktiv ruhda o‘tkazilib, ishtirokchilar kelgusida faol hamkorlik qilish va ARIN doirasida aloqalarni yanada mustahkamlashga kelishib olishdi.