O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasida jinoiy odil sudlov sohasidagi yetakchi britaniyalik ekspert Mark Dikson ishtirokida ma’ruza tashkil etildi. Tadbir Toshkentdagi Buyuk Britaniya elchixonasi hamda Taraqqiyot va odil sudlov xalqaro markazi ko‘magida o‘tkazildi.
M.Dikson Akademiya tinglovchilari uchun «Jinoyat ishlari tergovi doirasida so‘roq qilishga oid PEACE modeli va unga oid xalqaro standartlar» mavzusida ma’ruza qildi. Ma’ruzada Buyuk Britaniyada so‘roq qilishda qo‘llanilayotgan PEACE modelining maqsadi, tuzilishi va bosqichlari, uning xalqaro standartlar bilan uyg‘unligi bo‘yicha batafsil tushuntirish berilib, so‘roq o‘tkazishning ilg‘or usullarini amaliyotga joriy etish masalalari yuzasidan o‘zaro fikr almashindi.
Shuningdek, tashrif doirasida Taraqqiyot va odil sudlov xalqaro markazi rahbari Azamat Shambilov bilan ikki tomonlama uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda mehmonlarga Akademiya faoliyatining asosiy yo‘nalishlari, zamonaviy ta’lim infratuzilmasi, ilmiy-tahliliy faoliyat haqida ma’lumot berildi hamda o‘zaro hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.
Ma’lumot uchun, Taraqqiyot va odil sudlov xalqaro markazi (CDJI) nodavlat notijorat tashkilot bo‘lib, uning faoliyati Markaziy Osiyo mamlakatlarida odil sudlovni mustahkamlash, inson huquqlarini ilgari surish va inklyuziv davlat boshqaruvini rivojlantirishga qaratilgan.