O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi tashkil etilganining 3-yilligiga bag‘ishlangan akademik dekada ANONSI

O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi tashkil etilganining 3-yilligiga bag‘ishlangan akademik dekada ANONSI


O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi tоmonidan joriy yilning 17-noyabr – 2-dekabr kunlari qator xalqaro xalqaro hamkor tashkilotlar ko‘magida Akademiya tashkil etilganining uch yilligiga bag‘ishlangan akademik dekada tashkil etilgan.

Dekada doirasida qonun ustuvorligini mustahkamlash, huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarining kasbiy kompetensiyalarini rivojlantirish, zamonaviy tahdidlarga qarshi kurashish va xalqaro hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan yirik xalqaro, ilmiy-amaliy va o‘quv tadbirlari o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Dekada dasturida: “Zamonaviy chaqiriqlar sharoitida qonun ustuvorligini ta’minlash: muammo va yechimlar” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya; Yevropa Ittifoqining EU-ACT loyihasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan ochiq manbalardan foydalanib terrorizmga qarshi kurashish bo‘yicha trening; Tojikiston va Ozarbayjon prokuratura va ichki ishlar organlari xodimlari uchun “Kiberjinoyatlarga qarshi kurashish va raqamli kriminalistika asoslari” amaliy o‘quv kursi; korrupsiyaga qarshi kurashishda gender jihatlariga bag‘ishlangan YEXHT seminari; shuningdek drop-sxemalardan foydalanilgan holda firibgarlik va pul yuvishni aniqlash va tergov qilish bo‘yicha UNODC bilan amaliy seminar kabi tadbirlar o‘rin olgan.

Professional blokning yakuniy tadbiri sifatida BMTning Korrupsiyaga qarshi konvensiyasi ishtirokchi-davlatlari konferensiyasi formatidagi BMT modeli o‘tkaziladi. Unda O‘zbekiston va Markaziy Osiyo davlatlari oliy ta’lim muassasalari yuridik yo‘nalish talaba-yoshlari ishtirok etadilar.

Professional dasturlar qatorida yoshlar va keng jamoatchilikka mo‘ljallangan qator ma’rifiy tadbirlar ham tashkil etiladi. Ular qatorida – “Vatanga va’da” tadbiri, Ochiq eshiklar kuni, “Raqamli kriminalistikaning imkoniyatlari” ko‘rgazmasi, “Zakovat” intellektual o‘yini, “Xorijiy tillar bilimdoni” tanlovi, “Jinoiy ta’qib ostidagi shaxslar huquqlarining muhofazasi” mavzusidagi debatlar, shuningdek Xalqaro talabalar konferensiyasi o‘rin olgan.

Akademik dekada Akademiyaning ilmiy-ta’lim salohiyatini mustahkamlash, kadrlar tayyorlashda zamonaviy yondashuvlarni joriy etish, xalqaro hamkorlikni kengaytirish va yoshlar huquqiy madaniyatini oshirishga xizmat qiladi. Shu bilan birga, Akademiya faoliyatining ochiqligi va shaffofligini ta’minlash, jamoatchilik oldida hisobdorligini oshirish hamda amalga oshirilgan ishlar natijalarini sarhisob qilishni ham nazarda tutadi.

Yubiley haftaligi Akademiyaning jadal rivojlanishini va zamonaviy chaqiriqlarga munosib javob bera oladigan yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlashga intilishini yorqin namoyon etadi.

OAV vakillarini tadbirlarda ishtirok etishga taklif qilamiz. Ro‘yxatdan o‘tish uchun mana bu havola orqali murojaat qilishingiz mumkin.