BMTning Korrupsiyaga qarshi konvensiyasi bajarilishi bo‘yicha ikkinchi bosqich obzorida ishtirok etildi

BMTning Korrupsiyaga qarshi konvensiyasi bajarilishi bo‘yicha ikkinchi bosqich obzorida ishtirok etildi


O‘zbekiston Respublikasi 2008-yilda BMTning Korrupsiyaga qarshi konvensiyasiga qo‘shilganidan buyon, milliy qonunchiligini xalqaro standartlarga moslashtirish bo‘yicha ishlar izchil davom ettirilmoqda.

BMTning Korrupsiyaga qarshi konvensiyasining 63-moddasiga binoan BMTning Giyohvandlik va jinoyatchilik boshqarmasi hamda Nigeriya va Maldiv Respublikasi tomonidan joriy yilning 17–21-noyabr kunlari O‘zbekistonda Konvensiyaning qoidalari bajarilishi bo‘yicha ikkinchi bosqich obzori o‘tkazilmoqda.

Monitoringda Konvensiyaning II va V boblari qoidalari, xususan korrupsiyaning oldini olish siyosati, korrupsiyaga qarshi kurashuvchi organlar, sud va prokuratura organlari, davlat va xususiy sektorlar, davlat xizmatchilarining odob-axloq kodekslari, davlat xaridlari va mablag‘larni boshqarish, hisobdorlik, jamoatchilik ishtiroki, shuningdek jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish va aktivlarni qaytarish bo‘yicha chora-tadbirlar mamlakat qonunchiligida va amaliyotida joriy etilganligi ko‘rib chiqilmoqda.

Mazkur qoidalarning bajarilishi bo‘yicha BMT va xorijiy o‘rganuvchi ekspertlar bilan o‘tkazilayotgan uchrashuvlar va muhokamalarda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, Bosh prokuratura, Huquqni muhofaza qilish akademiyasi, boshqa vazirlik va idoralar mas’ul vakillari ishtirok etdi.

Xususan, monitoringda ishtirok etgan Akademiya boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Yevgeniy Kolenko BMT Kovensiyasining 6, 7, 8 va 13-moddalarda korrupsiyaga qarshi kurashishga vakolatli bo‘lgan organlar vakillarini tayyorlash va o‘qitish, davlat xizmatchilarining korrupsiyaga qarshi kurashish, manfaatlar to‘qnashuvini bartaraf etish, odob-axloq qoidalarini qo‘llash bo‘yicha malakasini oshirish, shuningdek aholi, nodavlat notijorat vakillarini korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi salohiyatini oshirish, shuningdek yoshlar ongida halollik qadriyatlarini singdirish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar yuzasidan ekspertlarning savollariga javob berdi.

Ekspertlarga joriy yilning yanvar oyidan ishga tushirilgan “Korrupsiyaga qarshi kurashish virtual akademiyasi” elektron platformasi orqali davlat xizmatchilari uchun tashkil etilayotgan korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi maxsus o‘quv kurslari hamda maktabgacha ta’lim muassasalari tarbiyalanuvchilari, maktab o‘quvchilari va talabalar uchun maxsus o‘quv dasturlari orqali olib borilayotgan o‘quv tadbirlari katta qiziqish uyg‘otdi.