Korrupsiyaga qarshi ta’lim: Akademiya oliy o‘quv yurtlari bilan hamkorlikni kengaytirmoqda

Korrupsiyaga qarshi ta’lim: Akademiya oliy o‘quv yurtlari bilan hamkorlikni kengaytirmoqda


Korrupsiyaga qarshi ta’lim Akademiya faoliyatining muhim yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi va yoshlarning huquqiy madaniyatini oshirish, bo‘lg‘usi mutaxassislarda korrupsiyaviy huquqbuzarliklar tabiati to‘g‘risida chuqur tushuncha shakllantirish, profilaktika choralari haqidagi xabardorlikni mustahkamlash hamda korrupsiyaning har qanday ko‘rinishiga nisbatan qat’iy murosasiz munosabatni tarbiyalashga qaratilgan.

Shu maqsadda Toshkentdagi Xalqaro Vestminster universitetida Akademiya boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari, professor Yevgeniy Kolenko tomonidan korrupsiyaga qarshi siyosat masalalari va davlat boshqaruvida halollikni ta’minlashning zamonaviy yondashuvlariga bag‘ishlangan ma’ruza o‘tkazildi.

Ma’ruza davomida korrupsiyaga qarshi mexanizmlarni rivojlantirishning global tendensiyalari, xalqaro standartlar hamda korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha samarali huquqiy instrumentlar atroflicha yoritib berildi. Shuningdek, institutsional yondashuvlar, ochiqlik va shaffoflikni kuchaytirish, komplayens–tizimlarni joriy etish hamda ichki nazorat mexanizmlarini takomillashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Mazkur tadbir ishtirokchilarning kasbiy dunyoqarashini kengaytirishga, huquqiy ong va huquqiy madaniyatini yuksaltirishga xizmat qildi.

Ma’ruza Akademiya bilan mamlakatimizdagi yetakchi oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash yo‘lida muhim qadam bo‘lib, yoshlar orasida korrupsiyaga qarshi madaniyatni kuchaytirish, halollik qadriyatlariga asoslangan yangi avlod mutaxassislarini tarbiyalashga xizmat qiladi.