Moliyaviy firibgarlik va jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish masalalarida amaliy seminar o‘tkazildi

Moliyaviy firibgarlik va jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish masalalarida amaliy seminar o‘tkazildi


Akademiyada BMTning Giyohvandlik va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi-(UNODC) hamda BMTning Taraqqiyot dasturi (UNDP) bilan hamkorlikda va Yevropa Ittifoqining moliyaviy ko‘magida tijorat banklari komplayens xizmatlari uchun “Drop” kartalardan foydalangan holda firibgarlik va jinoiy daromadlarni legallashtirish holatlarini aniqlash, oldini olish va tergov qilish” mavzusida amaliy seminar o‘tkazildi.

Seminarda respublikadagi tijorat banklarining 26 nafar komplayens mutaxassisi, shuningdek Markaziy bank, Korrupsiyaga qarshi-kurashish agentligi va Huquqni muhofaza qilish akademiyasining mas’ul xodimlari ishtirok etdi.

Tadbirning asosiy maqsadi ishtirokchilarda moliyaviy firibgarlikning yangi sxemalari, “drop-kartalar”dan foydalanish orqali jinoiy daromadlarni legallashtirish holatlari va ularning oldini olish bo‘yicha nazariy bilim va amaliy ko‘nikmalarni oshirishdan iborat bo‘ldi.

Seminar davomida “drop-kartalar” orqali amalga oshiriladigan firibgarlik holatlarining tipologiya va sxemalari, jumladan moliyaviy piramidalar, onlayn firibgarlik va kiberjinoyatlarda qo‘llaniladigan usullar atroflicha yoritildi.

Sessiyalar UNODC xalqaro ekspertlari Ardak Mukasheva va jinoiy daromadlarni legallashtirish va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurash bo‘yicha mintaqaviy maslahatchi Aleksandr Vodyanoy tomonidan olib borildi. Mutaxassislar ishtirokchilarga shubhali operatsiyalar xulq-atvori va indikatorlari, operatsiyaning yakuniy benefitsiarini aniqlash uslublari, mijozni kuchaytirilgan tekshirish choralari, mablag‘lar manbasini tahlil qilish, tranzaksiyalarni monitoring qilish va raqamli izlarni tavsiflash bo‘yicha ilg‘or amaliyotlarni taqdim etdi.

Seminar, shuningdek, moliyaviy razvedka va huquqni muhofaza qilish organlari o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik mexanizmlarini mustahkamlashga xizmat qildi.

Tadbir davomida ishlab chiqilgan materiallar va o‘quv resurslari Korrupsiyaga qarshi virtual akademiya platformasiga integratsiya qilinib, milliy mutaxassislarning malakasini oshirish jarayonlarida qo‘llaniladi.

Eslatib o‘tamiz, tadbir Huquqni muhofaza qilish akademiyasi tashkil etilganining uch yilligiga bag‘ishlangan akademik dekada doirasida o‘tkazildi.

Dekada dasturidan qonun ustuvorligini mustahkamlash, huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarining kasbiy kompetensiyalarini rivojlantirish, zamonaviy tahdidlarga qarshi kurashish va xalqaro hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan xalqaro, ilmiy-amaliy va o‘quv tadbirlari o‘rin olgan.