O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi tashkil etilganining 3-yilligiga bag‘ishlab, “Zamonaviy chaqiriqlar sharoitida qonun ustuvorligini ta’minlash: muammo va yechimlar” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o‘z ishini boshladi.
Konferensiya yalpi majlis va huquqni muhofaza qilish sohasining dolzarb masalalariga bag‘ishlangan parallel sessiyalar formatida tashkil etildi.
Tadbirda 30 dan ortiq davlatdan 120 nafar yetakchi ekspertlar, jumladan BMT, OBSE, Yevropa Ittifoqi, Xalqaro migratsiya tashkiloti, YUNESKO, Xalqaro prokurorlar assotsiatsiyasi va boshqa tuzilmalar vakillari ishtirok etmoqda.
Konferensiya ishi “Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish: raqamli davrda yondashuvlar transformatsiyasi” mavzusidagi parallel sessiya bilan boshlandi.
Gibrid (onlayn va offlayn) formatda tashkil etilgan sessiyada mahalliy mutaxassislar bilan bir qatorda AQSH, Buyuk Britaniya, Turkiya, Germaniya kabi davlatlar hamda nufuzli xalqaro tashkilotlardan ekspertlar ishtirok etdilar.
Sessiyada BMTning Giyohvandlik va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi (UNODC) mintaqaviy maslahatchisi Aleksandr Vodyanoy jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashishda sun’iy intellektdan foydalanish imkoniyatlari yuzasidan ma’ruza qildi. Shuningdek, Turkiyaning MASAK modeli misolida moliyaviy jinoyatlarga qarshi kurashishda raqamli transformatsiya jarayonlari tahlil etildi.
"Binance" kompaniyasi vakili Nikolay Falko huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan kripto-aktivlarini aniqlash va qaytarishdagi hamkorlik mexanizmlarini yoritib berdi. O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti vakili Boriyxon Malikov departament faoliyatiga “Xavflarni baholash markazi”ni joriy etishga doir taqdimot bilan chiqdi.
“Egmont” guruhining o‘quv markazi (ECOFEL) vakili Maykl Bul hamda AQSH Adliya departamenti (ICITAP) vakili Stiven Lettik soha uchun mutaxassislar tayyorlash va xalqaro hamkorlikni rivojlantirishning dolzarb ahamiyatini alohida ta’kidladilar.
Tadbir davomida benefitsiar mulkdorlar reyestridan foydalanish, chegara nazoratida biometrik texnologiyalar (API/PNR)ni joriy etish hamda aktivlarni qaytarish bo‘yicha FATFning yangilangan tavsiyalari atroflicha muhokama qilindi.
Sessiya yakunida ishtirokchilar tomonidan soha rivojiga qaratilgan aniq taklif va xulosalar ishlab chiqildi.