Kibermakon va qonun ustuvorligi: ekspertlar zamonaviy tahdidlarni muhokama qildilar

Kibermakon va qonun ustuvorligi: ekspertlar zamonaviy tahdidlarni muhokama qildilar


Akademiyada «Zamonaviy tahdidlar sharoitida qonun ustuvorligini ta’minlash: muammolar va yechimlar» mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyaning ishi «Kibermakonda huquqni muhofaza qilish faoliyati: tahdidlar va yechimlar» mavzusidagi parallel sessiya doirasida davom ettirildi.

Sessiya raqamli transformatsiya jarayonlari va ularning qonuniylik hamda xavfsizlikni ta’minlashga ta’siri bo‘yicha fikr almashish uchun milliy va xorijiy mutaxassislarni bir maydonda birlashtirgan muhim muloqot platformasiga aylandi.

Sessiya ishida Irlandiya, Koreya Respublikasi, Singapur, Ispaniya, Estoniya, Qirg‘iz Respublikasi, Tojikiston Respublikasi va Qozog‘iston Respublikasidan kiberjinoyatchilik va raqamli kriminalistika sohasidagi yetakchi xalqaro va xorijiy ekspertlar, shuningdek YEXHT mutaxassislari ishtirok etdilar. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Milliy xavfsizlik kengashi, Qonunchilik va huquqiy siyosat instituti, Bosh prokuratura, Markaziy bank va boshqa idoralar ekspertlari o‘z ma’ruzalari bilan chiqish qildilar.

Tadbir doirasida raqamli transformatsiya sharoitida qonun ustuvorligini ta’minlash, jinoyat ishlarini tergov qilishda OSINT metodlarini qo‘llash, ijtimoiy tarmoqlarda terroristik faoliyatga qarshi kurashish, jinoyat joyini raqamli texnologiyalar yordamida ko‘zdan kechirishning o‘ziga xos jihatlari, zamonaviy raqamli makonda kiberxavflar o‘sishi, huquqni muhofaza qilish amaliyotida neyron tarmoqlardan foydalanish, elektron dalillar bilan ishlash hamda kiberxavfsizlik sohasida kadrlar tayyorlash kabi dolzarb masalalar muhokama qilindi.

Muhokamalarda Toshkent davlat yuridik universiteti, Jamoat xavfsizligi universiteti, IIV, DXX va boshqa idoralar vakillari, Akademiya professor-o‘qituvchilari, tinglovchilari va talabalari ham ishtirok etdilar.

Sessiya yakuniga ko‘ra keng qamrovli fikr almashuv va ilg‘or tajriba asosida amalga oshirilgan muloqot natijasida sohaning asosiy muammolari va rivojlanish tendensiyalari aniqlandi. Kiberjinoyatchilikka qarshi kurash samaradorligini oshirish, shuningdek jadal rivojlanayotgan raqamli texnologiyalar sharoitida qonun ustuvorligini ta’minlashga qaratilgan amaliy taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi.