O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi yoshlar salomatligini muhofaza qilish, ularning huquqiy madaniyatini oshirish va giyohvand moddalarga hamda ular bilan bog‘liq jinoyatlarga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirishga qaratilgan keng qamrovli profilaktik ishlarini tizimli ravishda amalga oshirib kelmoqda. Shu yo‘nalishda Akademiyaning 1-kurs talabalari ishtirokida giyohvand moddalar iste’moli va unga oid xatarlarning oldini olishga bag‘ishlangan mavzuli davra suhbati o‘tkazildi.
Tadbirda yoshlar bilan ishlash, ma’naviyat va ma’rifat bo‘limi va Shaxsiy xavfsizlik bo‘limi rahbariyati, Akademiyaga biriktirilgan profilaktika inspektori, shuningdek Yunusobod tumani IIBning voyaga yetmaganlar va yoshlar o‘rtasidagi jinoyatchilikka qarshi kurashish guruhi katta inspektori G.J.Zarimova ishtirok etdilar.
Davra suhbati davomida giyohvand moddalarning salbiy oqibatlari, yoshlarni noqonuniy aylanmaga jalb etish usullari, zamonaviy profilaktika mexanizmlari, shuningdek ta’lim maskanlarining profilaktikadagi o‘rni haqida atroflicha ma’lumot berildi.
Talabalarning huquqiy savodxonligini oshirish, salbiy ta’sirlarga qarshi turish ko‘nikmalarini rivojlantirish, shaxsiy va jamoaviy xavfsizlik uchun mas’uliyat hissini mustahkamlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Ushbu tadbir Akademiyada xavfsiz va sog‘lom ta’lim muhitini shakllantirish, yoshlar ongiga sog‘lom hayot tarzi va ma’naviy mustaqillik g‘oyalarini singdirishga qaratilgan doimiy profilaktik ishlar tizimining navbatdagi bo‘g‘ini bo‘ldi. Akademiya kelgusida ham soha mutaxassislari va amaliy xodimlarni jalb etgan holda bunday uchrashuv, ma’ruza va treninglarni muntazam o‘tkazib borishni rejalashtirgan.