Huquqni muhofaza qilish akademiyasi va “Group-IB Global Private Limited” kompaniyasi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi

Huquqni muhofaza qilish akademiyasi va “Group-IB Global Private Limited” kompaniyasi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi


O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi tashkil etilganining 3-yilligiga bag‘ishlangan xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya doirasida kiberxavfsizlik sohasida jahonning yetakchi tashkilotlaridan biri hisoblangan “Group-IB Global Private Limited” kompaniyasi vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv doirasida tomonlar o‘rtasida o‘zaro hamkorlik memorandumi imzolandi.

Mazkur memorandumning asosiy maqsadi – tomonlar o‘rtasida raqamli kriminalistika sohasida samarali hamkorlikni rivojlantirish, axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda sodir etilgan jinoyatlarni tergov qilish uslublarini takomillashtirish hamda ilmiy-texnik salohiyatni mustahkamlashdan iborat.

Hujjat doirasida tomonlar axborot texnologiyalari yordamida sodir etilgan jinoyatlarni fosh etishda zamonaviy yechimlarni qo‘llash, raqamli dalillar bilan ishlash jarayonlarini optimallashtirish, shuningdek, kiberxavfsizlik bo‘yicha qo‘shma ilmiy-tadqiqot loyihalarini amalga oshirishga kelishib oldilar. Shuningdek, Akademiya tinglovchilari va professor-o‘qituvchilari uchun Group-IB mutaxassislari ishtirokida master-klass va treninglar tashkil etish rejalashtirildi.

Tadbir davomida ta’kidlanganidek, mazkur hamkorlik O‘zbekistonda kiberjinoyatchilikka qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish, tergov amaliyotiga ilg‘or xalqaro tajriba va innovatsion texnologiyalarni joriy etishda muhim qadam bo‘lib xizmat qiladi.