Korrupsiyaga qarshi kurashda yangi avlod: mintaqa talabalari BMT Konvensiyasi modelida ishtirok etdi

Korrupsiyaga qarshi kurashda yangi avlod: mintaqa talabalari BMT Konvensiyasi modelida ishtirok etdi


Huquqni muhofaza qilish akademiyasi tashkil topganligining uch yilligi munosabati bilan tashkil etilgan akademik yakunida hamda Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish oyligi doirasida Akademiyada-“BMTning Korrupsiyaga qarshi konvensiyasi ishtirokchi-davlatlari konferensiyasi modeli: ikkinchi bosqichni amalga oshirish obzori” tashkil etildi.

2019-yildan boshlab Akademiya tomonidan har yili an’anaviy tarzda o‘tkaziladigan mazkur tadbir Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi hamkorligida Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ), BMTning Giyohvandlik va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi (BMT GJB), BMTning Taraqqiyot dasturi hamda “Mintaqaviy muloqot” XNNT ko‘magida o‘tkazildi.

Tadbirda respublikamiz va Markaziy Osiyo yuridik oliy ta’lim muassasalari bakalavriat talabalari va magistratura tinglovchilaridan iborat 11 ta jamoa ishtirok etdi.

Konferensiya ikki bosqichdan iborat bo‘lib, unda ishtirokchilar BMT konferensiyasi modelida Konvensiya ishtirokchi-davlatlari delegatlari sifatida rolli o‘yinlarda o‘z bilimlarini namoyon qilishdi. 

Xususan, birinchi bosqichda ishtirokchilar Nigeriya, Avstraliya, Germaniya, Portugaliya, Shveysariya, Sloveniya, AQSH, Buyuk Britaniya, Irlandiya, Janubiy Afrika va Shimoliy Makedoniya davlatlarining shartli delegatlari sifatida BMT Konvensiyasining 55-moddasi, ya’ni musodara qilish maqsadlaridagi xalqaro hamkorlik qoidalarining mazkur davlatlar qonunchiligida qo‘llanilishi bo‘yicha hisobot berishdi. 

Ma’lumot uchun: Konvensiyaning 55-moddasi ishtirokchi-davlatlar o‘z hududida jinoiy daromadlarni, mol-mulkni va jinoyat sodir etish vositalarini musodara qilish to‘g‘risidagi murojaatnomalarni ijro qilish va ijroga yuborish, bunday mulklarni aniqlash, kuzatish, hibsga olish hamda musodara qilish uchun choralar ko‘rish hamda mazkur moddaning holatlarini halol bo‘lgan uchinchi tomonlarning huquqlariga zarar yetkazadigan tarzda talqin qilmaslik kabi qoidalarni belgilaydi.

Tadbirning ikkinchi qismida ta’lim muassasalari jamoalari o‘zlari himoya qilgan xorijiy davlatning tajribasi asosida o‘z mamlakatlarida musodara qilish maqsadlaridagi xalqaro hamkorlik qoidalarini ta’minlashga qaratilgan takliflar orqali milliy qonunchilikni takomillashtirish bo‘yicha chiqishlarni amalga oshirishdi. 

Shartli delegatlarning hisobotlari va takliflari Bosh prokuratura, BMT GJB va GIZning sohaga doir ekspert-mutaxassislari tomonidan baholab borildi. 

Mazkur tadbir oliy ta’lim muassasalarining talabalari va tinglovchilariga BMTning Korrupsiyaga qarshi konvensiyasi va ilg‘or xorijiy musodara qilish masalalarida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish masalalarini chuqur o‘rganishga va bu boradagi bilim va ko‘nikmalarini oshirishga yordam berdi.

Tadbir yakunida barcha ishtirokchilar sertifikatlar hamda sovg‘alar bilan taqdirlandilar.