Huquqni muhofaza qilish Akademiyasida Yaponiyaning Xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan “Yo‘l harakati xavfsizligi” loyihasi doirasida amaliy mashg‘ulot tashkil etildi. Ushbu loyiha 2023–2025-yillarda amalga oshirilishi belgilangan bo‘lib, unda Yaponiyaning yetakchi mutaxassislari ishtirok etmoqda.
Loyiha doirasida 2023-yil sentyabr oyidan boshlab Yaponiyadan kelgan 6 nafar ekspert tomonidan mamlakatimizdagi yo‘l-transport hodisalarining kelib chiqish sabablari o‘rganilmoqda. Shuningdek, 2024-yilda Yaponiyaning ALMEC kompaniyasi tomonidan Toshkent shahrining Yunusobod tumani hamda Toshkent viloyati Yangiyo‘l shahrida yo‘l-transport hodisalarining oldini olishga qaratilgan pilot loyiha amalga oshirildi. Pilot loyiha davomida avariya holatlarida fuqarolarning harakatlari tahlil qilinib, aniqlangan xavfli hududlarda Yaponiya mablag‘lari hisobidan rekonstruksiya ishlari amalga oshirildi.
Akademiyada o‘tkazilgan navbatdagi mashg‘ulot JICA eksperti Nishida Yasushi ishtirokida tashkil etildi. U yo‘l-transport hodisalarini o‘rganish, ma’lumotlarni tahlil qilish va xavf omillarini aniqlash bo‘yicha ulkan tajribaga ega xalqaro darajadagi mutaxassis hisoblanadi. Nishida Yasushi o‘z faoliyati davomida yo‘l harakati xavfsizligi sohasidagi qator yirik tadqiqotlarda ishtirok etgan, xorijiy mamlakatlarda amalga oshirilgan loyihalarda ekspert sifatida faoliyat yuritgan hamda Yaponiyaning ITARDA — Yo‘l-transport hodisalarini o‘rganish va tahlil qilish institutida mas’uliyatli lavozimlarda ishlagan.
Mashg‘ulot davomida talabalar amalga oshirilayotgan loyiha mazmuni, Yaponiyada qo‘llaniladigan ilmiy-amaliy tadqiqot usullari, ma’lumotlarni yig‘ish va tahlil qilish standartlari bilan tanishdilar. Shuningdek, yapon madaniyati va milliy urf-odatlari haqida qiziqarli ma’lumotlar ham taqdim etildi.
Bunday uchrashuvlar talabalarning sohaviy ko‘nikmalarini rivojlantirish, xalqaro ilg‘or tajriba bilan tanishishi va yo‘l harakati xavfsizligi sohasidagi bilimlarini yanada boyitishga xizmat qiladi. Akademiyaning Loyiha boshqaruvi bo‘limi kelgusida ham xalqaro ekspertlar ishtirokidagi amaliy mashg‘ulot va master-klasslarni izchil tashkil etishga alohida e’tibor qaratmoqda.