O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasida jinoyat ishlari bo‘yicha dastlabki tergov va sud jarayonida dalillarni baholashda uchraydigan xatolarni ilmiy va amaliy jihatdan muhokama qilishga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Toshkent shahar IIBB huzuridagi Tergov boshqarmasi katta tergovchisi D.F.Yokubov, «LEGACY and SHIELD» advokatlik byurosi advokati R.B.Bazarov hamda Adliya vazirligi huzuridagi X.Sulaymonova nomidagi Respublika sud-ekspertiza markazining eksperti B.B.Axmedov ishtirok etdi.
Muhokama davomida mutaxassislar tergov harakatlarini amalga oshirishda xolislar ishtirokini qonuniy tarzda ta’minlash, raqamli dalillarni aniqlash va ularni belgilangan tartibda protokollar orqali rasmiylashtirish, tergovchi va himoyachi o‘rtasida samarali hamkorlikni tashkil etish, advokatning protsessual kamchiliklarni ko‘rsatib berish orqali tergov sifatiga ta’siri kabi masalalarga alohida to‘xtaldilar. Shuningdek, DNK-ekspertizaning imkoniyatlari, namuna olish jarayonida yo‘l qo‘yiladigan xatolar hamda ekspert xulosasining tergov qarorlariga ta’siri haqida batafsil ma’lumot berildi.
Tadbir yakunida mutaxassislar talabalarning savollariga javob berib, ularning kelgusidagi tergov faoliyatida bunday xatolarga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha amaliy tavsiyalarini bayon etdilar.