Akademiya tashkil etilganining 3-yilligiga bag‘ishlangan xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya doirasida Qozog‘iston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Huquqni muhofaza qiluvchi organlar akademiyasi bilan hamkorlik to‘g‘risidagi kelishuv imzolandi.
Ushbu hujjat ikki tomonlama munosabatlarni yanada rivojlantirish va mustahkamlash hamda yangi bosqichga olib chiqish yo‘lida muhim qadam hisoblanadi. Hujjat tomonlar o‘rtasida ta’lim va ilmiy-tadqiqot sohalarida hamkorlikni rivojlantirish, kadrlar tayyorlashda resurs va salohiyatni birlashtirish, akademik almashinuv, qo‘shma ta’lim tadbirlari, fundamental va amaliy tadqiqotlar, o‘zaro axborot almashish imkoniyatlaridan samarali foydalanishga qaratilgan.
Qozog‘iston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Huquqni muhofaza qiluvchi organlar akademiyasi 2015-yilda tashkil etilgan bo‘lib, alohida maqomga ega ta’lim muassasasi hisoblanadi. Akademiya huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish, oliy o‘quv yurtidan keyingi ta’lim dasturlarini amalga oshiradi, idoralararo ilmiy tadqiqotlarni muvofiqlashtiradi hamda prokuratura va iqtisodiy tergov organlarida xizmat qilish uchun nomzodlarning dastlabki kasbiy tayyorgarligini ta’minlaydi. Akademiya rivojlangan ilmiy-ta’lim infratuzilmasi, ilmiy nashrlarga ega bo‘lib, xorijning yetakchi ilmiy va ta’lim muassasalari bilan 40 ga yaqin hamkorlik kelishuvlarini imzolagan.
O‘zaro muloqotda tomonlar hamkorlikni rivojlantirishdan manfaatdor ekanliklarini ta’kidlab, kelgusi hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarini muhokama qildilar. Imzolangan hamkorlik kelishuvi o‘zaro manfaatli munosabatlarni yanada mustahkamlash va ularni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.