Huquqiy madaniyat va halollik: Akademiya korrupsiyaga qarshi ma’rifiy faoliyatni kuchaytirmoqda

Huquqiy madaniyat va halollik: Akademiya korrupsiyaga qarshi ma’rifiy faoliyatni kuchaytirmoqda


Korrupsiyaga qarshi kurashish xalqaro kuni munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi davlat organlari va boshqa tashkilotlarda korrupsiyaga qarshi madaniyatni shakllantirish, huquqiy ong va huquqiy bilimlarni oshirish, shuningdek, halollik va poklik tamoyillarini mustahkamlashga qaratilgan ma’rifiy tadbirlarni amalga oshirmoqda.

Ushbu tashabbus doirasida Akademiya tomonidan “Biz birgalikda korrupsiyaga qarshi kurashamiz” mavzusida «O‘ZLITINEFTGAZ» aksiyadorlik jamiyati xodimlari uchun amaliy seminar tashkil etildi.

Tadbir davomida Akademiyaning Korrupsiyaga qarshi kurashish ilmiy-ta’lim markazi vakili ishtirokchilarga BMTning Korrupsiyaga qarshi konvensiyasining asosiy qoidalari, milliy antikorrupsiya qonunchiligi, korporativ intizom va xizmat odobi masalalari, manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish va uni bartaraf etish choralari to‘g‘risida atroflicha ma’lumot berdi.

Shuningdek, ish joyida shaffoflik, ochiqlik va hisobdorlikni ta’minlash bo‘yicha ilg‘or yondashuvlar va samarali amaliyotlarga alohida e’tibor qaratildi hamda korrupsiyaga nisbatan mutlaq murosasizlik tamoyillarini kundalik xizmat faoliyatida qo‘llash masalalari ta’kidlandi.

Amaliy seminar o‘tkazilishi ishtirokchilarning korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi bilim va amaliy ko‘nikmalarini mustahkamlashga, shuningdek, halollik qadriyatlarini shakllantirish va rivojlantirishga xizmat qiladi.