2025-yil 12-dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasi delegatsiyasining tanishuv tashrifi bo‘lib o‘tdi. Tashrif doirasida ishchi uchrashuv o‘tkazilib, ta’lim va ilmiy-tadqiqot faoliyati sohasida hamkorlik memorandumi imzolandi.
Tashrif chog‘ida Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasi vakillari Huquqni muhofaza qilish akademiyasining faoliyati, ta’lim dasturlari, ilmiy-tadqiqot infratuzilmasi, shuningdek, o‘quv jarayonini tashkil etishda qo‘llanilayotgan zamonaviy texnologiyalar va moddiy-texnik imkoniyatlar bilan yaqindan tanishdilar.
Tadbirning muhim qismi sifatida o‘zaro hamkorlik memorandumining imzolanishi ta’lim sohasida zamonaviy talablarga javob beradigan professional va yuqori malakali kadrlarni tayyorlash bo‘yicha o‘zaro hamkorlikni rivojlantirish, shuningdek, huquqni muhofaza qilish faoliyatining eng dolzarb masalalari bo‘yicha kompleks ilmiy tadqiqotlarni tizimli ravishda olib borishga qaratilgan.
Uchrashuv davomida tomonlar o‘zaro hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlarini muhokama qilib, kelgusida eng muhim sohalar bo‘yicha amaliy ishlarni yo‘lga qo‘yish yuzasidan kelishib oldilar. Xususan, yuridik fan va huquqni qo‘llash amaliyotining dolzarb muammolari, qonun ustuvorligi va huquqiy tartibni mustahkamlash masalalari bo‘yicha fundamental va amaliy ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish, bakalavriat, magistratura va doktorantura bosqichlarida tahsil olayotganlar uchun ilmiy stajirovkalar va kasbiy amaliyotlarni tashkil etish orqali akademik mobillikni kuchaytirish, shuningdek, huquqni qo‘llash amaliyoti masalalariga bag‘ishlangan o‘quv-uslubiy qo‘llanmalar va tavsiyalar ishlab chiqish hamda nashr etish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
Hamkorlik memorandumining imzolanishi ikki akademiya o‘rtasidagi ilmiy va amaliy hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishda muhim qadam bo‘lib, kadrlar salohiyatini rivojlantirish va ilmiy-ta’lim muhitini mustahkamlashga qaratilgan barqaror sheriklik uchun mustahkam zamin yaratdi.