Korrupsiyaga qarshi kurashda tizimli yondashuv: komplayens bo‘linmalarining o‘rni e’tibor markazida

Korrupsiyaga qarshi kurashda tizimli yondashuv: komplayens bo‘linmalarining o‘rni e’tibor markazida


Huquqni muhofaza qilish akademiyasi mamlakatimizda amalga oshirilayotgan korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni hayotga tatbiq etishda faol ishtirok etib kelmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga Murojaatnomasida belgilab berilgan korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi topshiriqlarni ijro etish doirasida, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi tashabbusi bilan Akademiyada davlat idoralarning korrupsiyaga qarshi ichki nazorat (komplayens) tuzilmalari rahbarlari ishtirokida yig‘ilish tashkil etildi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining mas’ul vakillari, Oliy Majlis Senatining Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qo‘mitasi, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi hamda Akademiya rahbariyati tomonidan Davlat rahbari belgilab bergan vazifalarning mazmun-mohiyati tushuntirilib, korrupsiya omillarini bartaraf etish borasida mavjud muammolar hamda ularni hal etish yo‘llari muhokama qilindi.

Yig‘ilishda komplayens bo‘linmalari xodimlarining bilim darajasini oshirish, kasbiy ko‘nikma va kompetensiyalarini shakllantirishning ahamiyati alohida ta’kidlanib, bu borada Korrupsiyaga qarshi kurashish virtual akademiyasi elektron platformasining imkoniyatlaridan keng foydalanish masalalari muhokama qilindi. Ushbu yo‘nalishda Akademiyada malakali kadrlardan iborat jamoa shakllantirilgani hamda samarali xalqaro hamkorlik yo‘lga qo‘yilgani qayd etildi.

Kun tartibiga kiritilgan masalalar yuzasidan vazirlik va idoralarning korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘linmalari rahbarlari tomonidan taklif va fikr-mulohazalar tinglandi, shuningdek kelgusida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan chora-tadbirlar belgilab olindi.