O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasida Polsha Respublikasining Gdansk universiteti huquq va boshqaruv fakulteti professori ishtirokida magistratura tinglovchilari uchun akademik muloqot tashkil etildi.
Ma’ruza doirasida moliyaviy xavfsizlikni huquqiy ta’minlash, raqamli moliyaviy jarayonlarni tartibga solish, shuningdek kiberhuquq va kiberxavfsizlik tizimini shakllantirishga doir zamonaviy yondashuvlar izchil tarzda ko‘rib chiqildi. Ushbu mavzularni muhokama qilish raqamlashtirish sharoitida huquqiy tizimlarning transformatsiyasi va transchegaraviy xatarlar ortib borayotgani kontekstida olib borildi.
Ma’ruza davomida Yevropa Ittifoqi davlatlarining noqonuniy moliyaviy operatsiyalarga qarshi kurashish, moliyaviy tizimlar barqarorligini ta’minlash hamda kiberxatarlarga nisbatan huquqiy javob mexanizmlarini rivojlantirish borasidagi amaliyotiga alohida e’tibor qaratildi. Shuningdek, kiberhuquq sohasida xalqaro hamkorlik, huquqiy yondashuvlarni yaqinlashtirish, shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish va axborot xavfsizligini ta’minlash masalalari muhokama qilindi.
Akademik muloqot formati magistratura tinglovchilariga xorijiy tajriba bilan tanishish bilan bir qatorda, taqdim etilgan huquqiy modellarni muammoli vaziyatlar muhokamasi va amaliy keyslar tahlili orqali tanqidiy anglash imkonini berdi. Bu esa moliyaviy va raqamli xavfsizlik sohasidagi zamonaviy chaqiriqlar bo‘yicha kompleks tasavvur hamda tahliliy fikrlash ko‘nikmalarini shakllantirishga xizmat qiladi.
Mazkur tadbir Huquqni muhofaza qilish akademiyasida xalqaro akademik hamkorlikni rivojlantirish strategiyasiga uyg‘un tarzda o‘tkazilib, Gdansk universitet bilan qo‘shma ta’lim va ilmiy-tadqiqot tashabbuslarini yanada kengaytirish uchun mustahkam mazmunli asos yaratdi.