O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi tomonidan «Raqamli transformatsiya davrida huquqni muhofaza qilish sohasidagi zamonaviy chaqiriq va tahdidlar» mavzusida o‘tkazilgan xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya materiallarining 2 jildlik to‘plami nashr etildi.
To‘plamda huquqni muhofaza qilish sohasidagi ilmiy-tadqiqotlar va amaliyot uchun dolzarb bo‘lgan qator masalalar qamrab olingan. Xususan, ilmiy tadqiqotlarni amalga oshirishda korrupsiyaviy-byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish, ta’lim, fan va amaliyot integratsiyasining retrospektiv va zamonaviy yondashuvlari, yuridik mavzudagi ilmiy ishlar yozishda sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanishning ayrim jihatlari, yuridik fan va huquqni qo‘llash amaliyotida yagona yondashuvni shakllantirish masalalari keng yoritilgan.
Shuningdek, inson huquqlari bo‘yicha ta’limni amalga oshirishning xalqaro-huquqiy asoslari, axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda sodir etilgan jinoyatlarni tergov qilish jarayonida so‘roqqa tayyorgarlik ko‘rish taktikasi, yuridik fanning turli sohalarida mavjud muammolar hamda ularning ilmiy va amaliy yechimlari tahlil qilingan.
To‘plamdan Janubiy Koreya, AQSH, Ispaniya, Fransiya, Shvetsiya, Turkiya, Rossiya, Belarus Respublikasining yuridik sohadagi yetuk olimlari, xalqaro tashkilotlarning malakali mutaxassislari, shuningdek mamlakatimizda yuridik fan sohasida faoliyat yuritayotgan professor-o‘qituvchilar, doktorantlar, mustaqil izlanuvchilar va yosh olimlarning ilmiy maqolalari hamda tezislari o‘rin olgan.
Nashr etilgan to‘plam huquqni muhofaza qilish sohasidagi ilmiy fikr almashuvini kengaytirish, ilmiy tadqiqotlar natijalarini amaliyotga joriy etish va sohadagi zamonaviy yondashuvlarni rivojlantirishga xizmat qiladi.