Huquqni muhofaza qilish akademiyasida BMT Giyohvandlik va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi (UNODC) hamda AQSH Davlat departamentining giyohvand moddalarning xalqaro aylanmasiga qarshi kurashish va huquqni muhofaza qilish masalalari bo‘yicha byurosi (INL) bilan hamkorlikda prokuratura organlari tergovchilari va ekspert-kriminalistlar uchun «Hodisa sodir bo‘lgan joyni ko‘zdan kechirish va boshqarish» mavzusida besh kunlik xalqaro seminar-trening tashkil etildi.
Seminar doirasida ishtirokchilar hodisa joyidagi dastlabki harakatlarni xalqaro standartlar hamda ilg‘or xorijiy amaliyot asosida tashkil etish, dalillarni to‘g‘ri yig‘ish, hujjatlashtirish va saqlash bo‘yicha o‘z kasbiy bilim va ko‘nikmalarini oshirdilar.
Tadbirning ochilish marosimida Akademiya boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari, yuridik fanlar bo‘yicha falsafa doktori (PhD), professor Ye.V.Kolenko, BMT Giyohvandlik va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasining mintaqaviy vakolatxonasi rahbari doktor Oliver Shtolpe hamda AQSH elchixonasining INL bo‘limi direktori Nataniel Rettenmeyer ishtirok etdilar. O‘z chiqishlarida ular odil sudlovning samaradorligi, avvalo, ashyoviy dalillarning ishonchli yig‘ilishi, ularni to‘g‘ri hujjatlashtirish va «saqlanish zanjiri» tamoyiliga qat’iy rioya etilishi bilan bevosita bog‘liq ekani ta’kidlandi.
Seminarning asosiy e’tibori tergovchi va ekspert-kriminalistlarning hodisa joyidagi o‘zaro hamkorligini kuchaytirish, dalillarni yig‘ish jarayonida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan texnik xatoliklarni bartaraf etish hamda jinoyatlarni fosh etish sifatini oshirish masalalariga qaratildi.
O‘quv dasturi davomida ishtirokchilar nazariy bilimlarini amaliy mashg‘ulotlar bilan mustahkamlab, real holatlarga yaqinlashtirilgan ssenariylar asosida portlash joyini ko‘zdan kechirish, DNK namunalari bilan ishlash, raqamli dalillarni yig‘ish va hujjatlashtirish kabi murakkab yo‘nalishlarda amaliy ko‘nikmalarni egalladilar.
Seminar yakunida ishtirokchilar zamonaviy kriminalistik texnologiyalardan samarali foydalanish, dalillarni ekspertizaga sifatli tayyorlash hamda tergov jarayonida xalqaro standartlarga muvofiq ish yuritish bo‘yicha muhim professional kompetensiyalarni mustahkamladilar.