Jinoiy odil sudlovga oid qo‘shma loyiha muhoka qilindi

Jinoiy odil sudlovga oid qo‘shma loyiha muhoka qilindi


Huquqni muhofaza qilish akademiyasida Yevropa komissiyasining tashqi siyosat vositalari xizmati, Xalqaro odil sudlov va qonun ustuvorligi instituti (IIJ) hamda Hedayah tashkiloti vakillaridan iborat delegatsiya, shuningdek Oliy sud, Bosh prokuratura, Adliya vazirligi va Akademiya vakillari ishtirokida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuv davomida harbiy mojaro zonalaridan qaytgan shaxslarni jinoiy javobgarlikka tortish, reabilitatsiya qilish va jamiyatga qayta integratsiyalashga qaratilgan qo‘shma loyihani amalga oshirish masalalari muhokama qilindi. Qayd etilganidek, mazkur loyiha jinoyat odil sudlovi sohasida faoliyat yuritayotgan amaliy xodimlar salohiyatini oshirish, kasbiy ko‘nikmalarni rivojlantirish, ilg‘or xalqaro tajriba, bilim va malaka almashishga, shuningdek qonunchilik hamda huquqni qo‘llash amaliyotini takomillashtirishga xizmat qiladi. Loyihani amalga oshirish xavfsizlikni ta’minlash, adolat tamoyillarini mustahkamlash hamda inson huquqlarini himoya qilishga qaratilgani ta’kidlandi.

Shu bilan birga, Huquqni muhofaza qilish akademiyasi vakillari hamda Xalqaro odil sudlov va qonun ustuvorligi instituti loyihasi rahbari K.Baltazar o‘rtasida ikki tomonlama muloqot o‘tkazildi. Unda IIJ institutining mandati, asosiy faoliyat yo‘nalishlari hamda ta’lim dasturlari to‘g‘risida ma’lumot berildi.

Tomonlar qo‘shma loyihani amalga oshirish bo‘yicha yo‘l xaritasini shakllantirish yuzasidan fikr va takliflar almashib, hamkorlikni yanada mustahkamlash bo‘yicha kelishuvga erishdilar.

Uchrashuvlar yakunlari bo‘yicha tomonlar qo‘shma loyihani qo‘llab-quvvatlashini bildirib, uni izchil amalga oshirishga tayyor ekanliklarini tasdiqladilar.