Toshkent shahri mahallalarida jinoyatchilikning barvaqt oldini olish va kriminogen vaziyatni ilmiy yondashuv asosida o‘rganish ishlari olib borilmoqda

Toshkent shahri mahallalarida jinoyatchilikning barvaqt oldini olish va kriminogen vaziyatni ilmiy yondashuv asosida o‘rganish ishlari olib borilmoqda


O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 5-yanvardagi “Respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish yo‘nalishida yaxlit manzilli ishlash tizimini joriy etishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-1-son hamda “2026-yilda respublika mahallalarida jinoyatchilikning barvaqt profilaktikasi samaradorligini yanada oshirish bo‘yicha tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-2-son qarorlari ijrosini ta’minlash maqsadida Huquqni muhofaza qilish akademiyasi tomonidan Toshkent shahri mahallalarida kompleks o‘rganish ishlari amalga oshirilmoqda.

Mazkur ishlar doirasida Akademiya boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Ye. Kolenko boshchiligidagi ishchi guruh Olmazor tumani prokuraturasi hamda tuman ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi xodimlari bilan uchrashuvlar o‘tkazib, “ilmiy xulosa – amaliy tavsiya – natija” tamoyili asosida huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish va hududdagi kriminogen vaziyatni yaxshilashga qaratilgan taklif va tavsiyalar ishlab chiqdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida joriy yil 27-yanvar kuni Toshkent shahrida xavfsiz muhitni shakllantirish hamda jamoat xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida belgilangan topshiriqlar ijrosidan kelib chiqib, tergov sifatini oshirish, uning shaffofligini ta’minlash, jinoyatlarni samarali fosh etish hamda kiberjinoyatlarga qarshi kurashish taktika va strategiyalarini takomillashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Shu doirada Olmazor tumani prokuraturasida tuman prokuraturasiga biriktirilgan tergovchilarning amaliyot o‘tash jarayonlari, shuningdek prokuror xodimlarni o‘qitish samaradorligi muhokama qilinib, mavjud kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha takliflar berildi.

Tuman ichki ishlar organlarida navbatchi qism faoliyati, fuqarolar murojaatlari va arizalar bilan ishlash holati o‘rganildi. Tergov bo‘limida esa tergovchilar bilan ish yurituvidagi jinoyat ishlari yuzasidan amaliy muhokamalar o‘tkazilib, tergov harakatlarini tashkil etish va protsessual hujjatlarni rasmiylashtirish bo‘yicha aniq tavsiyalar berildi. Tergovchilarni o‘qitish ishlarini reja-grafik asosida tashkil etish masalalari kelishib olindi.

Bundan tashqari, Akademiya talabalarining dual ta’lim asosida tergov, profilaktika va jamoat tartibini saqlash xizmatlarida amaliyot o‘tash tartibini takomillashtirish bo‘yicha talablar belgilab olindi.

Ishchi guruh tomonidan Olmazor tumanining qator mahallalarida ham o‘rganish ishlari olib borildi. Mahallada huquqbuzarlik va jinoyatlarning sodir etilishiga ta’sir etuvchi sabab va omillar, jinoyatga zamin yaratayotgan shart-sharoitlar, ijtimoiy-maishiy muammolar hamda amalga oshirilayotgan profilaktik chora-tadbirlar ilmiy yondashuv asosida tahlil qilindi.

Shuningdek, tuman mahallalarida mahalla yettiligi a’zolarini o‘qitish bo‘yicha ehtiyojlar o‘rganilib, ularning bilim va ko‘nikmalarini oshirishga qaratilgan o‘quv mashg‘ulotlarini tashkil etish masalalari muhokama qilindi.

O‘rganishlar yakunlari bo‘yicha ishlab chiqilgan taklif va tavsiyalar umumlashtirilib, hududdagi kriminogen vaziyatni yaxshilashga qaratilgan kelgusidagi yo‘l xaritalariga kiritish uchun mas’ul idoralarga taqdim etildi.

Huquqni muhofaza qilish akademiyasi ishchi guruhining mahallalarda xavfsiz muhitni yaratish hamda huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini oshirishga qaratilgan o‘rganish ishlari izchil davom ettirilmoqda.