O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 5-yanvardagi “Respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish yo‘nalishida yaxlit manzilli ishlash tizimini joriy etishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-1-son hamda “2026-yilda respublika mahallalarida jinoyatchilikning barvaqt profilaktikasi samaradorligini yanada oshirish bo‘yicha tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-2-son qarorlari ijrosini ta’minlash maqsadida Akademiya ishchi guruhi tomonidan “ilmiy xulosa – tavsiya – natija” tamoyili asosida hududlarga chiqilib, mahallalardagi kriminogen vaziyat kompleks tarzda o‘rganilmoqda.
Xususan, ishchi guruh a’zolari Surxondaryo viloyatining Sho‘rchi, Sherobod, Denov, Angor, Muzrabot, Sariosiyo, Qumqo‘rg‘on va Qiziriq tumanlarida joylashgan, so‘nggi uch yil davomida “qizil” toifada saqlanib kelayotgan 12 ta mahallaga borib, huquqbuzarlik va jinoyatlarni o‘z vaqtida aniqlash hamda ularning oldini olish masalalarini ilmiy yondashuvlar asosida o‘rgandilar.
Mazkur mahallalarda kriminogen vaziyatga ta’sir ko‘rsatayotgan sabab va omillar, jinoyat sodir etilishiga zamin yaratayotgan shart-sharoitlar, shuningdek, mavjud ijtimoiy-maishiy muammolar hamda olib borilayotgan profilaktik ishlar atroflicha tahlil qilindi.
Mahallalarda xavfsiz muhitni yaratish, huquqbuzarlik va jinoyatchilikning oldini olishga qaratilgan kunlik hamda boshqa muddatli tadbirlarni tashkil etish jarayonida yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklar, ularni bartaraf etish va ishni samarali yo‘lga qo‘yish masalalari amaliy misollar asosida tushuntirib berildi.
O‘rganish yakunlariga ko‘ra, har bir mahallaning o‘ziga xos xususiyatlarini inobatga olgan holda aholi gavjum bo‘ladigan maskanlarda (bozorlar, savdo va umumiy ovqatlanish obyektlari va boshqalar) huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish maqsadida nazorat tadbirlarini kuchaytirish, aholini o‘z mulkiga nisbatan beparvo bo‘lmaslikka undashga qaratilgan umumiy profilaktik tadbirlarni tashkil etish, sayyor sud jarayonlari orqali huquqbuzarlik sodir etishning huquqiy oqibatlarini tushuntirish, huquqbuzarlik sodir etgan shaxslarga nisbatan viktimologik profilaktika chora-tadbirlarini amalga oshirish, shuningdek, kiberjinoyatlar va firibgarlikdan jabrlanish ehtimolini kamaytirish maqsadida aholining huquqiy ongi va madaniyatini muntazam oshirishga doir ilmiy asoslangan taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi.
Mazkur taklif va tavsiyalar umumlashtirilib, kriminogen vaziyatni yaxshilashga qaratilgan kelgusidagi yo‘l xaritalariga kiritish uchun mas’ul idoralarga taqdim etildi.
Akademiya mutaxassislari tomonidan hududdagi kriminogen vaziyatning kundalik tahlili asosida ishlab chiqilgan xulosa va takliflar mahallalarda xavfsiz muhitni yaratish hamda huquqbuzarliklarning oldini olish tizimi samaradorligini yanada oshirishga xizmat qilmoqda.