Akademiyada talabalarni amaliy faoliyatga tayyorlashga qaratilgan dual ta’lim modeli izchil ravishda joriy etilmoqda. Xususan, «Tergov faoliyati» yo‘nalishi bo‘yicha tahsil olayotgan bakalavriat talabalari Toshkent shahar ichki ishlar organlarining tergov bo‘linmalarida o‘quv-amaliy mashg‘ulotlarni o‘tamoqda.
Dual ta’limning mazkur bosqichi doirasida Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasida tergov tarmoqlari rahbarlari hamda Akademiya professor-o‘qituvchilari ishtirokida dual ta’limning sifati va samaradorligini oshirish masalalariga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Muhokamalar davomida talabalarning huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashishga qaratilgan amaliy tadbirlarda bevosita ishtirok etishi, shuningdek, mutaxassislik fanlari bo‘yicha egallangan nazariy bilim va amaliy ko‘nikmalarni xizmat faoliyati jarayonida qo‘llash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
O‘quv-amaliy topshiriqlar Akademiya professor-o‘qituvchilari hamda amaliyot joylariga biriktirilgan murabbiylar rahbarligi ostida bajariladi.
Talabalar shuningdek turli tergov harakatlarida bevosita ishtirok etib, tergov-protsessual hujjatlar namunalarini tayyorlash, dastlabki tergov materiallarini o‘rganish va tahlil qilish, shuningdek, tergov faoliyati doirasida kasbiy muloqot ko‘nikmalarini shakllantirishga qaratilgan amaliy mashg‘ulotlarni o‘tamoqda.
Bu esa talabalarning amaliy muhitga bosqichma-bosqich moslashuvini ta’minlash hamda ularning kelgusi kasbiy faoliyatga tayyorligini oshirishga xizmat qiladi.