O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 5-yanvardagi “Respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish yo‘nalishida yaxlit manzilli ishlash tizimini joriy etishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-1-son hamda “2026-yilda respublika mahallalarida jinoyatchilikning barvaqt profilaktikasi samaradorligini yanada oshirish bo‘yicha tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-2-son qarorlari ijrosini ta’minlash maqsadida Akademiya ishchi guruhi tomonidan “ilmiy xulosa – tavsiya – natija” tamoyili asosida hududlarga chiqilib, mahallalardagi kriminogen vaziyat kompleks o‘rganilmoqda.
Xususan, ishchi guruhi a’zolari tomonidan Toshkent shahrining Yashnobod va Bektemir tumanlaridagi mahallalarda huquqbuzarlik va jinoyatlarni barvaqt aniqlash hamda oldini olishga qaratilgan profilaktik faoliyat, shuningdek, mas’ul shaxslar tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar o‘rganildi.
O‘rganish jarayonida mahallalardagi kriminogen vaziyatga bevosita va bilvosita ta’sir ko‘rsatayotgan omillar, huquqbuzarlik va jinoyat sodir etilishiga zamin yaratayotgan ijtimoiy-maishiy muammolar, shuningdek, profilaktika subyektlari faoliyatining samaradorligi tahlil qilindi.
Shuningdek, mahallalarda xavfsiz muhitni ta’minlash, huquqbuzarlik va jinoyatchilikning oldini olishga qaratilgan kundalik hamda rejali profilaktik tadbirlarni tashkil etish jarayonida yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklar aniqlanib, ularni bartaraf etish bo‘yicha aniq huquqiy mexanizmlar va amaliy tavsiyalar ishlab chiqildi.
O‘rganish natijalariga ko‘ra, har bir mahallaning o‘ziga xos xususiyatlarini hisobga olgan holda quyidagi yo‘nalishlarda ilmiy asoslangan taklif va tavsiyalar shakllantirildi:
aholi gavjum joylarda (bozorlar, savdo shahobchalari va umumiy ovqatlanish maskanlarida) nazorat va profilaktika tadbirlarini kuchaytirish;
aholining mulkiy huquqlariga nisbatan ongli munosabatini shakllantirishga qaratilgan umumiy profilaktik ishlar ko‘lamini kengaytirish;
sayyor sud majlislari orqali huquqbuzarlik sodir etishning huquqiy oqibatlarini aholiga tushuntirish;
huquqbuzarlik sodir etgan shaxslarga nisbatan viktimologik profilaktika chora-tadbirlarini qo‘llash;
kiberjinoyatlar va firibgarlik kabi eng faol jinoyat turlari qurboni bo‘lish xavfini kamaytirish maqsadida aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini izchil oshirish.
Mazkur taklif va tavsiyalar umumlashtirilib, mahallalarda kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish va xavfsiz muhitni ta’minlashga qaratilgan kelgusidagi yo‘l xaritalariga kiritish uchun tegishli mas’ullarga taqdim etildi.
Akademiya mutaxassislari tomonidan mahallalardagi kriminogen vaziyatning kundalik va tizimli tahlili asosida ishlab chiqilayotgan ilmiy xulosalar hamda amaliy tavsiyalar joylarda huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olishga, mahallalarda xavfsiz muhitni yaratish hamda aholining huquqiy himoya darajasini oshirishga xizmat qilmoqda.