Mahallalarda xavfsiz muhitni ta’minlashga qaratilgan ilmiy yondashuv amaliyotga tatbiq etilmoqda

Mahallalarda xavfsiz muhitni ta’minlashga qaratilgan ilmiy yondashuv amaliyotga tatbiq etilmoqda


O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 5-yanvardagi «Respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish yo‘nalishida yaxlit manzilli ishlash tizimini joriy etishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi PQ-1-son hamda «2026-yilda respublika mahallalarida jinoyatchilikning barvaqt profilaktikasi samaradorligini yanada oshirish bo‘yicha tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi PQ-2-son qarorlari ijrosini ta’minlash maqsadida Huquqni muhofaza qilish akademiyasi tomonidan mahallalarda «ilmiy xulosa – tavsiya – natija» tamoyili asosida ishchi guruh faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.

Ishchi guruh tomonidan mahallalarda kriminogen vaziyatga ta’sir etuvchi asosiy sabab va omillar, jinoyat sodir etilishiga zamin yaratayotgan shart-sharoitlar, shuningdek, mavjud ijtimoiy-maishiy muammolar kompleks tarzda tahlil qilinmoqda.

Xususan, ishchi guruhi a’zolari tomonidan Toshkent viloyatining Angren va Olmaliq shaharlari mahallalariga chiqib, huquqbuzarlik va jinoyatlarni o‘z vaqtida aniqlash hamda ularning oldini olish masalalari ilmiy yondashuvlar asosida o‘rganildi.

Jumladan, Angren shahridagi “Ozodlik”, “Appartak”, “Yangiobod” va “Bo‘ston” mahallalarida o‘rganish ishlari olib borilib, mas’ul xodimlar va mahalla faollari ishtirokida huquqbuzarlik va jinoyatlarni o‘z vaqtida aniqlash hamda ularning oldini olish masalalari muhokama qilindi.

Mutaxassislar tomonidan mahalla hududida sodir etilgan jinoyatlar tahlil qilinib, huquqbuzarliklar sabablari, ularning oldini olish choralari hamda profilaktik hisobda turgan shaxslar bilan ishlash jarayonlari atroflicha o‘rganildi. O‘rganish natijalariga ko‘ra, kriminogen vaziyatni yaxshilash, profilaktik ishlar samaradorligini oshirish va mahallada jamoat xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha bir qator taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi.

Shuningdek, Olmaliq shahrining “A.Navoiy”, “M.Ulug‘bek”, “Temur Malik” hamda “Hamza” mahallalarida sodir etilishining oldini olish mumkin bo‘lgan jinoyatlar yuzasidan tegishli mas’ullar bilan muhokamalar o‘tkazilib, aholining huquqiy madaniyatini oshirishga qaratilgan manzilli takliflar ishlab chiqildi.

Akademiya mutaxassislari tomonidan hududdagi kriminogen vaziyatning kundalik tahlili asosida ishlab chiqilgan xulosalar va takliflar mahallalarda xavfsiz muhitni yaratish hamda huquqbuzarliklarning oldini olish tizimi samaradorligini yanada oshirishga xizmat qilmoqda.