Qashqadaryo viloyati mahallalarida jinoyatchilikning barvaqt profilaktikasi: ilmiy va amaliy yondashuvlar uyg‘unligi

Qashqadaryo viloyati mahallalarida jinoyatchilikning barvaqt profilaktikasi: ilmiy va amaliy yondashuvlar uyg‘unligi


Huquqni muhofaza qilish akademiyasi tomonidan Qashqadaryo viloyati mahallalarida jinoyatchilikning barvaqt oldini olishga qaratilgan kriminogen vaziyatni ilmiy yondashuv asosida kompleks o‘rganish ishlari izchil olib borilmoqda. Mazkur tadbirlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 5-yanvardagi «Respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish yo‘nalishida yaxlit manzilli ishlash tizimini joriy etishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi PQ-1-son hamda «2026-yilda respublika mahallalarida jinoyatchilikning barvaqt profilaktikasi samaradorligini yanada oshirish bo‘yicha tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi PQ-2-son qarorlari ijrosini ta’minlash maqsadida «ilmiy xulosa – tavsiya – natija» tamoyili asosida tashkil etilgan.

Ishchi guruh a’zolari Qashqadaryo viloyatining Qarshi shahridagi «A.Navoiy», «Geolog», Qarshi tumanidagi «Kat», G‘uzor tumanidagi «Qorako‘l», «Buyuk karvon yo‘li», Koson tumanidagi «Saripul», «Paxtazor», «Yangiobod», Shahrisabz shahridagi «Kesh», «Pillakashlik», «Uychilik», Shahrisabz tumanidagi «Chorshanbe», «Miraki», Chiroqchi tumanidagi «Chiroqchi», «Navoiy», «O‘zbekiston», Yakkabog‘ tumanidagi «Jambul», «Cho‘mich», «Do‘stlik», Kitob tumanidagi «Istiqbol», Qamashi tumanidagi «Balandchayla», «Navoiy», «Oqguzar», Nishon tumanidagi «Nuriston», «Yuksalish», «Paxtakor», Dehqonobod tumanidagi «O‘zbekiston», Mirishkor tumanidagi «Pomuq», «Bahoriston», «Shodlik», Muborak tumanidagi «Bobur», «Yoshlik», «Istiqlol» hamda Ko‘kdala tumanidagi «Oltin dala», «Toshli», «Sho‘rquduq» mahallalarida bo‘lib, huquqbuzarlik va jinoyat sodir etilishini oldindan aniqlash masalalarini ilmiy metodologiya asosida o‘rgandilar.

Tadqiqot jarayonida jinoyat sodir etilishiga zamin yaratayotgan shart-sharoitlar, xususan, fuqarolarning o‘z uy-joylari va mulklari xavfsizligini ta’minlashdagi e’tiborsizligi kabi omillar batafsil tahlil qilindi. Aholining shaxsiy mulkini himoya qilishda zamonaviy xavfsizlik texnologiyalaridan foydalanish va hushyorlikni oshirish bo‘yicha amaliy takliflar ishlab chiqildi. Shuningdek, profilaktik tadbirlar samaradorligini oshirish va mavjud tizimli kamchiliklarni bartaraf etishga qaratilgan tavsiyalar berildi.

O‘rganish yakunlari bo‘yicha aholi gavjum maskanlarda nazoratni kuchaytirish hamda profilaktika inspektorlari faoliyatiga ilmiy asoslangan yangi ish uslublarini joriy etish bo‘yicha takliflar ishlab chiqildi. Xususan, huquqbuzarlik sodir etgan shaxslarga nisbatan profilaktika choralarini qo‘llash, shuningdek, huquqni muhofaza qilish organlari bilan hamkorlikda jinoyatning huquqiy oqibatlarini mahalla aholisi o‘rtasida keng muhokama qilish tartibi belgilandi.

Bundan tashqari, kiberjinoyatlar va firibgarlikdan jabrlanish ehtimolini kamaytirish maqsadida aholining huquqiy madaniyatini oshirishga qaratilgan ilmiy asoslangan takliflar kriminogen vaziyatni sog‘lomlashtirishga yo‘naltirilgan hududiy «yo‘l xaritalari»ga kiritish uchun mas’ullarga taqdim etildi.

Akademiya mutaxassislari tomonidan olib borilayotgan muntazam tahlil ishlari mahallalarda xavfsiz muhitni yaratish hamda huquqbuzarliklarning oldini olish tizimi samaradorligini yanada oshirishga xizmat qilmoqda.