Huquqni muhofaza qilish akademiyasida «BMT Xavfsizlik Kengashining terrorizmga qarshi kurash sohasidagi rezolyutsiyalari maqsadlari: 1267 (1999), 1989 (2011), 2253 (2015) va 1988 (2011)-sonli rezolyutsiyalarga muvofiq sanksiya rejimlarini amalga oshirish bo‘yicha ilg‘or tajriba» mavzusida mintaqaviy davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati, BMTning Aksilterror markazi (KTS OON), BMTning Aksilterror boshqarmasi (KTU OON), BMT Xavfsizlik Kengashining 1526 (2004) va 2253 (2015)-sonli rezolyutsiyalari bilan tasdiqlangan sanksiyalar bo‘yicha tahliliy qo‘llab-quvvatlash va kuzatish guruhi, shuningdek, Markaziy Osiyo uchun BMTning Preventiv diplomatiya bo‘yicha mintaqaviy markazi (RSPDSA) bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Tadbirda Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston Respublikasining xavfsizlik organlari hamda moliyaviy razvedka bo‘linmalari vakillari ishtirok etdi.
Shuningdek, muloqotda BMTning Aksilterror markazi va Aksilterror boshqarmasi maslahatchilari hamda ekspertlari, sanksiyalar bo‘yicha tahliliy qo‘llab-quvvatlash va kuzatish guruhi, Markaziy Osiyo uchun BMTning Preventiv diplomatiya bo‘yicha mintaqaviy markazi, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti, Mustaqil davlatlar hamdo‘stligining Aksilterror markazi, Jinoiy daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish bo‘yicha Yevroosiyo guruhi, Kollektiv xavfsizlik to‘g‘risidagi shartnoma tashkiloti hamda Shanxay hamkorlik tashkilotining mintaqaviy aksilterror tuzilmasi vakillari ishtirok etdilar.
Davra suhbati BMT Xavfsizlik Kengashining terrorizmga qarshi kurash sohasidagi rezolyutsiyalarining maqsad va talablarini chuqurroq anglash, milliy tuzilmalar tomonidan ro‘yxatga kiritilgan shaxslarga nisbatan choralar ko‘rish va ularni ro‘yxatdan chiqarish jarayonlarida yuzaga kelayotgan muammolarni aniqlash masalalariga bag‘ishlandi. Shuningdek, institutsional muvofiqlashtirishni ta’minlash, axborot almashinuvini yo‘lga qo‘yish hamda inson huquqlariga rioya etilishini ta’minlash masalalari muhokama qilindi.
Ishtirokchilar sanksiya rejimlarini, jumladan aktivlarni muzlatish, safarlarga taqiq qo‘yish va qurol-yarog‘ yetkazib berishga embargo joriy etish choralarini milliy darajada amalga oshirish jarayonida erishilgan ilg‘or tajriba hamda chiqarilgan saboqlar bilan o‘zaro almashdilar.
Tadbir BMT Xavfsizlik Kengashi rezolyutsiyalarini amalga oshirish sohasida a’zo davlatlar salohiyatini mustahkamlashga, shuningdek, Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasida hamda BMT agentliklari, mintaqaviy va xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni yanada rivojlantirishga xizmat qildi.