O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti raisligida joriy yil 27 yanvar kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida tergov sifatini tubdan oshirish va uning shaffofligini ta’minlash bo‘yicha berilgan topshiriqlar ijrosini to‘laqonli ta’minlashga qaratilgan tizimli ishlar izchil davom ettirilmoqda.
Xususan, Olmazor, Bektemir va Sergeli tumanlari IIO FMBning tergovchilari hamda Olmazor tuman IIO va FMB huzuridagi TB tarkibidagi ixtisoslashtirilgan tergovga qadar tekshiruv guruhlarining profilaktika inspektorlari uchun tergovga qadar tekshiruv faoliyatiga oid dolzarb masalalarga bag‘ishlangan maxsus masofaviy malaka oshirish kursi tashkil etildi.
Mazkur kurs dasturida tergovga qadar tekshiruv faoliyati, tergovga qadar tekshiruv o‘tkazish tartibi va muddatlari; jinoyatga oid arizalar, xabarlar va ma’lumotlarning turlari hamda ularni ko‘rib chiqish tartibi; tergovga qadar tekshiruvda hamkorlik masalalari; jinoyat ishini qo‘zg‘atish sabablari va asoslari, jinoyat ishini qo‘zg‘atishni rad qilish tartibi, shuningdek, tergovga qadar tekshiruvda kechiktirib bo‘lmas tergov harakatlari qamrab olingan.
Shu bilan birga, tumanda jinoyatlarni tergov qilish sifatini yangicha yondashuvlar asosida tashkil etish maqsadida Olmazor tumani IIO FMBning tergovchilari uchun «Jinoyatlarni kvalifikatsiya qilish, dastlabki tergovni tashkil etish va o‘tkazishning dolzarb masalalari» mavzusida an’anaviy shakldagi malaka oshirish kursi ham yo‘lga qo‘yildi.
Mazkur malaka oshirish kursi joriy yilning fevral oyidan sentyabr oyigacha o‘tkazilib, mashg‘ulotlar ikki guruhga bo‘lingan holda interaktiv metodlar, munozara va muhokama shaklida tashkil etiladi.
Kurs dasturi kiberjinoyatlarni tergov qilish, raqamli kriminalistika; tergov jarayonida raqamli ochiq ma’lumotlardan foydalanish; ekspertiza tayinlash bilan bog‘liq protsessual masalalar; jinoyatlarni tergov qilish va kvalifikatsiya qilishning dolzarb masalalari, shuningdek, ayrim murakkab turdagi jinoyatlarni tergov qilish metodikasi, taktikasi va strategiyalarini qamrab olgan.
Shuningdek, Olmazor tumani tergovchilariga amaliy yordam ko‘rsatish maqsadida Huquqni muhofaza qilish akademiyasining tergov faoliyati sohasida ko‘p yillik amaliy tajribaga ega bo‘lgan professional xodimlari jalb qilindi.
Mazkur ishchi guruh Olmazor tuman IIB tergovchilari ish yurituvidagi jinoyat ishlarining o‘z vaqtida va sifatli tergov qilinishini ta’minlashga ko‘maklashadi hamda muntazam ravishda IIB Tergov bo‘limiga chiqqan holda tergovchilarga amaliy yordam ko‘rsatadi.
Bundan tashqari, Akademiya xodimlari tomonidan Olmazor tumani IIB FMBda surishtiruvchi, tergovchi va boshqa xodimlar uchun «Ichki ishlar organlarida tergovga qadar tekshiruvni tashkil etish va tegishli protsessual harakatlarni o‘tkazishning o‘ziga xos xususiyatlari» hamda «Tergovga qadar tekshiruv jarayonida hodisa sodir bo‘lgan joyni ko‘zdan kechirish tergov harakatini o‘tkazishning o‘ziga xos jihatlari» mavzularida sayyor o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazildi.
Tergov sifatini oshirishga qaratilgan ilmiy yondashuv asosidagi amaliy yordam va malaka oshirish kurslari tizimli ravishda davom ettiriladi.