O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasida prokuratura organlari tergovchilari uchun “Raqamli texnologiyalardan foydalanish usullari” mavzusidagi o‘quv kursi o‘tkazildi.
Mazkur o‘quv kursi doirasida prokuratura organlari tergovchilari jinoyatlarni tergov qilish jarayonida elektron ma’lumotlar bilan ishlash, jumladan ularni aniqlash, to‘plash, ko‘zdan kechirish, mustahkamlash va raqamli dalil sifatida maqbulligini ta’minlash bo‘yicha nazariy bilim va amaliy ko‘nikmalarini takomillashtirdilar.
Shuningdek, dastur doirasida ochiq manbalardan olingan ma’lumotlar asosidagi razvedka (OSINT) asosida onlayn tergovni amalga oshirish, bunda zamonaviy texnologiyalardan foydalanish, raqamli kriminalistika imkoniyatlarini samarali qo‘llash hamda transchegaraviy raqamli dalillarni to‘plash masalalari bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlar tashkil etildi. Bu esa tergovchilarning kasbiy mahoratini yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.
Mazkur o‘quv kursi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan belgilab berilgan davlat organlari faoliyatini raqamli transformatsiya qilish, huquqni qo‘llash amaliyotiga zamonaviy axborot texnologiyalarini keng joriy etish hamda amaliyotga yo‘naltirilgan kadrlar tayyorlash bo‘yicha ustuvor vazifalarning izchil amaliy ifodasidir. Bunday tashabbuslar “raqamli prokuratura” konsepsiyasini bosqichma-bosqich ro‘yobga chiqarish, tergov sifatini oshirish va jinoyatlarga qarshi kurashish samaradorligini ta’minlashga xizmat qiladi.