Hududlarda tergov sifatini oshirish: Surxondaryoda o‘quv-amaliy seminar

Hududlarda tergov sifatini oshirish: Surxondaryoda o‘quv-amaliy seminar


O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti raisligida joriy yil 27 yanvar kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida tergov sifatini tubdan oshirish va uning shaffofligini ta’minlash bo‘yicha belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida tizimli ishlar izchil davom ettirilmoqda.

Mazkur vazifalar doirasida Huquqni muhofaza qilish akademiyasi tomonidan Surxondaryo viloyati prokuraturasi hamda viloyat ichki ishlar organlari tergovchilari uchun tergov faoliyati sifatini oshirishga qaratilgan o‘quv-amaliy seminar tashkil etildi.

Seminar davomida axborot texnologiyalari yordamida sodir etilayotgan jinoyatlarni tergov qilish, jinoyatlarning raqamli izlarini aniqlash, tergov harakatlarini o‘tkazishda raqamli kriminalistika imkoniyatlaridan foydalanish, kiberjinoyatlarni fosh etish va tergov qilishning dolzarb masalalari muhokama qilindi.

Shuningdek, kiberjinoyatlarga qarshi kurashishda bank hisob raqamlarini jinoiy maqsadlarda taqdim etish va ulardan foydalanishga qarshi jinoyat-huquqiy mexanizmlar bo‘yicha tushuntirishlar berildi.

Zamonaviy axborot texnologiyalari va global raqamlashtirish sharoitida jinoyatlarni ochishda ochiq manbalardan olingan ma’lumotlardan foydalanish taktikasi va strategiyasiga alohida e’tibor qaratildi.

O‘quv-amaliy seminar interaktiv usullar, munozara va savol-javoblar shaklida tashkil etildi. Bu ishtirokchilarning nazariy bilimlarini mustahkamlash va amaliy ko‘nikmalarini oshirishga xizmat qiladi.

Bunday seminarlar hududlarda muntazam ravishda o‘tkazilib, tergov sifatini oshirishga qaratilgan ilmiy yondashuv asosidagi amaliy yordam va malaka oshirish tadbirlari tizimli ravishda davom ettiriladi.