Zamonaviy xavfsizlik masalalari dolzarb ahamiyat kasb etayotgan sharoitda inqirozli holatlarga tayyorgarlik, ularning oqibatlarini samarali boshqarish hamda tahliliy mexanizmlarni rivojlantirish zarurati kuchaymoqda. Shu nuqtayi nazardan, Huquqni muhofaza qilish akademiyasi zamonaviy xavfsizlik masalalari bo‘yicha mintaqaviy professional muloqot maydoni sifatida navbatdagi “Inqirozdan keyin: yirik ko‘lamli terroristik hujumdan so‘ng inqirozni boshqarishni tahlil qilish” mavzusidagi xalqaro seminarga mezbonlik qildi.
Tadbir Yevropa Ittifoqining uyushgan jinoyatchilik va terrorizmga qarshi kurashishga qaratilgan EU-ACT loyihasi bilan hamkorlikda tashkil etildi. Uning asosiy maqsadi huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarining kasbiy salohiyatini oshirish, zamonaviy xavfsizlik tahdidlariga qarshi samarali mexanizmlarni takomillashtirish hamda xalqaro hamkorlikni yanada mustahkamlashdan iborat.
Besh kunlik seminar ishida O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, Davlat xavfsizlik xizmati, Ichki ishlar vazirligi, Milliy gvardiya hamda boshqa vakolatli idoralar vakillari, shuningdek ularning Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikiston davlatlaridan kelgan hamkasblari ishtirok etdi. Bunday format xavfsizlikni ta’minlash sohasida ilg‘or tajribalar almashish, muvofiqlashtirilgan yondashuvlarni ishlab chiqish va mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qiladi.
Mazkur seminar o‘quv dasturining uchinchi bosqichi hisoblanadi. Ilgari “Inqirozdan oldin” va “Inqiroz davrida” mavzularida o‘tkazilgan tadbirlarning mantiqiy davomi sifatida ushbu bosqich inqirozdan keyingi vaziyatni barqarorlashtirish, amalga oshirilgan chora-tadbirlarni chuqur tahlil qilish, xavf-xatarlarni qayta baholash hamda kelgusida bunday holatlarning oldini olishga qaratilgan tizimli yondashuvlarni qamrab oladi.
Seminarga Fransiyadan xalqaro darajadagi ekspertlar jalb etilgan bo‘lib, ular Yevropa davlatlarida sodir etilgan terroristik hujumlar oqibatlarini bartaraf etish, aholi xavfsizligini ta’minlash va maxsus operatsiyalarni amalga oshirish jarayonlarida bevosita ishtirok etgan tajribali mutaxassislar hisoblanadi. Ularning amaliy tajribasi ishtirokchilarga inqirozli vaziyatlarda tezkor qaror qabul qilish, idoralararo muvofiqlashuvni ta’minlash va tahliliy mexanizmlarni takomillashtirish bo‘yicha ilg‘or yondashuvlarni o‘zlashtirish imkonini bermoqda.
Dastur doirasida ilg‘or metodikalar, amaliy keyslar, ssenariy asosidagi mashqlar (tabletop exercises), milliy rejalar va audit mexanizmlarini takomillashtirishga qaratilgan interaktiv mashg‘ulotlar tashkil etilmoqda. Shuningdek, professional muloqot va tajriba almashish uchun alohida uchrashuvlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Mazkur tadbir Akademiyaning mintaqada zamonaviy xavfsizlik chaqiriqlariga oid ta’lim, tahlil va ilmiy tadqiqotlarni uyg‘unlashtirgan ixtisoslashgan markaz sifatidagi mavqeini yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda. Akademiya xalqaro sheriklar bilan hamkorlikda institutsional salohiyatni oshirish, tahliliy yondashuvlarni amaliyotga tatbiq etish va jamoat xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan ishlarini izchil davom ettiradi.