Mahallalarda xavfsiz muhit: Akademiya “ilmiy xulosa – tavsiya – natija” tamoyili asosida kompleks tahlil ishlarini davom ettirmoqda

Mahallalarda xavfsiz muhit: Akademiya “ilmiy xulosa – tavsiya – natija” tamoyili asosida kompleks tahlil ishlarini davom ettirmoqda


O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 5-yanvardagi “Respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish yo‘nalishida yaxlit manzilli ishlash tizimini joriy etishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-1-son hamda “2026-yilda respublika mahallalarida jinoyatchilikning barvaqt profilaktikasi samaradorligini yanada oshirish bo‘yicha tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-2-son qarorlari ijrosini ta’minlash maqsadida Akademiya ishchi guruhi tomonidan mahallalardagi kriminogen vaziyat kompleks tarzda o‘rganilmoqda.

Ishlar “ilmiy xulosa – tavsiya – natija” tamoyili asosida tashkil etilgan bo‘lib, hududlarga chiqish orqali jinoyatchilikka ta’sir ko‘rsatuvchi sabab va omillar, jinoyat sodir etilishiga zamin yaratayotgan shart-sharoitlar hamda profilaktika ishlarining holati tahlil qilinmoqda.

Joriy yil yanvar oyida Surxondaryo viloyatining Sho‘rchi, Sherobod, Denov, Angor, Muzrabot, Sariosiyo, Qumqo‘rg‘on va Qiziriq tumanlarida joylashgan, so‘nggi uch yil davomida “qizil” toifada saqlanib kelayotgan mahallalarda huquqbuzarlik va jinoyatlarni o‘z vaqtida aniqlash hamda barvaqt oldini olish masalalari ilmiy yondashuvlar asosida chuqur o‘rganildi.

Fevral oyida esa PQ-1-son qarorining 6-bandiga muvofiq, mahallalarda huquqbuzarliklarning barvaqt profilaktikasi ishlarini kompleks tashkil etish maqsadida Akademiya xodimlari Bosh prokuratura huzurida tuzilgan Respublika idoralararo muvofiqlashtirish shtabi va uning doimiy faoliyat ko‘rsatuvchi ishchi guruhi tarkibida Surxondaryo viloyati bo‘yicha biriktirilgan mahallalarda nazorat tartibida o‘rganish o‘tkazdi.

O‘rganishlar davomida mahalladagi kriminogen vaziyatga ta’sir qiluvchi omillar, ijtimoiy-maishiy muammolar hamda profilaktika tadbirlarining samaradorligiga alohida e’tibor qaratildi. Shuningdek, “mahalla yettiligi” a’zolari bilan keng ko‘lamli ma’lumot almashinuvi tashkil etildi.

Xususan, yettilikning vazifalariga oid savollardan iborat elektron test dasturi – Quiz bot ishlab chiqildi va barcha mahallalarga joriy etildi. Ushbu resurs normativ-huquqiy hujjatlar mazmunini tezkor va qulay tarzda yetkazish, shuningdek, kasbiy bilim va ko‘nikmalarni mustahkamlashga xizmat qiladi.

O‘rganish natijalari, taklif va tavsiyalar umumlashtirilib, kriminogen vaziyatni yaxshilashga qaratilgan kelgusidagi yo‘l xaritalariga kiritish uchun mas’ullarga taqdim etildi.

Akademiya tomonidan mahallalarda xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning oldini olish tizimi samaradorligini oshirishga qaratilgan ishlar izchil davom ettirilmoqda