Huquqni muhofaza qilish akademiyasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 15-yanvardagi “Kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish va aholi o‘rtasida kitob o‘qishga qiziqishni oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-9-son qarori ijrosini ta’minlash yuzasidan tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Mazkur faoliyat doirasida Akademiyada intellektual muhitni mustahkamlash, ilmiy-ta’lim jarayonini qo‘llab-quvvatlash hamda barqaror kitobxonlik madaniyatini rivojlantirishga qaratilgan tematik kitob yarmarkasi tashkil etildi.
Tadbir professor-o‘qituvchilar va ta’lim oluvchilar o‘rtasida kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish, ularning ilmiy va ma’rifiy dunyoqarashini kengaytirishga qaratildi.
Yarmarka davomida huquq, jinoyat huquqi, kriminologiya, sud-huquq tizimi, psixologiya hamda boshqa yo‘nalishlarga oid zamonaviy o‘quv qo‘llanmalari, ilmiy-amaliy adabiyotlar va yangi nashrlar taqdim etildi. Ishtirokchilar o‘quv va ilmiy-tadqiqot faoliyati uchun dolzarb manbalar bilan yaqindan tanishish, shuningdek shaxsiy va o‘quv kutubxonalarini boyitish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.
Bunday tadbirlar ta’lim sifati oshishiga, ilmiy tashabbuslarni rag‘batlantirishga va yoshlar o‘rtasida barqaror mutolaa madaniyatini shakllantirishga xizmat qiladi.